18-yanvar kuni O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligida favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimining aholi va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘yicha 2016-yildagi asosiy tadbirlar rejasining bajarilishi va 2017-yildagi ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan hay’at majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda yil yakunlari sarhisob qilindi, deb xabar beradi vazirlik matbuot xizmati.
Jumladan, ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish Davlat tizimi (FVDT) avariya-qutqaruv otryadlari 2016-yilda fuqarolarni qutqarish va ularga yordam berish uchun 3 mingdan ko‘p tashriflarni amalga oshirdi.
O‘tgan yil davomida 27 ta qo‘mondonlik-shtab va 317 ta taktik-qutqaruv mashg‘ulotlari o‘tkazilib, ularda 302,6 ming kishi va 7700 dona maxsus texnika ishtirok etdi. Qutqaruvchilar va maxsus texnika birliklari 521 marotaba ommaviy sayr va bayram tadbirlari o‘tkaziladigan joylarda xavfsizlikni ta’minlash maqsadlariga jalb qilindi.
Xavfli gidrometeorologik va geologik hodisalar kuzatilishi mumkin bo‘lgan joylarda 69 ta nazorat-kuzatuv postlari o‘rnatilib, zarur aloqa vositalari bilan ta’minlandi. Eng xavfli uchastkalardan 256 ta xo‘jalik vaqtincha ko‘chirildi.
“Toshkent–O‘sh” yo‘lining “Qamchiq” dovoni orqali o‘tgan uchastkasida avtotransport vositalari va yo‘lovchilarning uzluksiz va xavfsiz o‘tishini ta’minlash uchun 15 ta mexanizatsiyalangan otryadlarning ertayu-kech ishlovchi navbatchiligi tashkil etildi.
Sel, suv toshqinlari, yer ko‘chkisi bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarni oldini olish borasida ham keng ko‘lamli chora-tadbirlar hayotga tatbiq etilmoqda. O‘tgan yil davomida respublikaning tog‘li hududlaridagi qor zaxiralarini va baland tog‘li ko‘llarning holatini baholash hamda qor ko‘chkisi va sel xavfi mavjud hududlarni aniqlash maqsadida yetti marotaba aerovizual kuzatuv ishlari amalga oshirildi. Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida daryo va soylarning qirg‘oqlarini mustahkamlash va o‘zanlarini tozalash bo‘yicha 1362,6 ming metr kub tuproq, 91,4 ming metr kub tosh ishi, 8,2 ming metr kub beton ishi va 172 tonna metall ishlari amalga oshirildi. Bu ishlarga 20 milliard so‘mdan ziyod budjet mablag‘lari sarflandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi ta’lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan “Yosh qutqaruvchi” ko‘ngillilar klublari o‘rtasida shahar va tuman, viloyat hamda respublika bosqichi musobaqalari o‘tkazildi. Unda 1193 ta o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi muassasalarining 14 ming 102 nafar o‘quvchilari, 2132 ta umumta’lim maktablarining 17 ming 42 nafar o‘quvchilar jalb etildi.
Izoh (0)