Shvetsiyaning Gyoteborg shahri hokimiyati davlat tashkilotlari xodimlarini olti soatlik ish kuniga o‘tkazish bo‘yicha ikki yillik tajriba natijalari yuzasidan hisobot berdi. Ushbu tashabbus katta xarajatlarni talab etishi aniqlandi, deb xabar beradi TJournal.
OAV 2015-yili Shvetsiyaning ayrim kompaniyalari maoshni to‘liq saqlagan holda xodimlarini olti soatlik ish kuniga o‘tkazayotganiga e’tibor qaratgan edi. IT-firmalar tajribadan mamnunligini bildirdi. Xodimlar ijtimoiy tarmoqlarda kamroq vaqt o‘tkaza, pochtani kamroq tekshira boshladi, buning o‘rniga bevosita xizmat vazifalarini bajarishga ko‘proq urg‘u berdi, ularning ish samaradorligi ham oshdi. Shu bois xususiy kompaniyalar tajriba natijalaridan mamnunligini bildirdi.
Shundan so‘ng Gyoteborgning davlat muassasalari ham tajribada ishtirok etishga qaror qildi. Ikki yil davomida olti soatlik ish kuni Svartedalen keksalar uyida sinaldi. 2017-yil yanvarining boshida hokimiyat vakillari tajriba to‘xtatilishini va boshqa muassasalarga joriy etilmasligini bildirdi.
Shunga qaramay, xodimlar o‘z vazifalarini sidqidildan bajara boshlagani ta’kidlandi. Ammo ish samaradorligini ta’minlash uchun qo‘shimcha tarzda xodimlar yollashga to‘g‘ri keldi. Buncha odamni ishlatish uchun esa qo‘shimcha mablag‘ talab etiladi.
Tilga olingan muassasadagi 68 hamshiraning ish vaqti qisqartirilgani uchun qo‘shimcha tarzda yana 17 hamshira yollashga to‘g‘ri keldi, bu esa keksalar uyiga 1,3 million dollar ortiqcha xarajat keltirdi.
Izoh (0)