Sovuq ob-havoda teri va sochlarni parvarish qilishning o‘ziga xos qoidalari bor. Qorda, shamolda va minus haroratda boshni himoya qilish bilan birga sochlar go‘zalligini saqlashga yordam beruvchi bosh kiyimni albatta kiyib yurish zarur. Bundan tashqari, sochlarni turli-tuman oziqlantiruvchi niqoblar bilan parvarishlash kerak bo‘ladi. Ularning tayyorini xarid qilish yoki odatiy mahsulotlardan tayyorlash ham mumkin.
Sut mahsulotlaridan tayyorlanadigan niqob
Quruq sochlar uchun qo‘llash mumkin bo‘lgan niqoblarga achigan sut, qatiq, tabiiy va qo‘shimchalarsiz yogurtni sanab o‘tish mumkin. Ular tarkibidagi foydali moddalar quruq sochlarni namlantirib, tez sinuvchanligi oldini oladi. Go‘zallik va jilosini qaytaradi. Buning uchun bosh yuvishdan yarim soat avval yangi qatiqdan surib qo‘yish kifoya.
Bodring va tvorogli niqob
Tvorog va bodringli niqob noodatiy ko‘rinishga ega bo‘lsa-da, sochlarni oziqlantiruvchi niqob sifatida juda mos keladi. Buning uchun yarimta barra bodring va ikki osh qoshiq tvorog kerak bo‘ladi. Bodring po‘sti archilib, qirg‘ichning mayda tishidan chiqariladi va tvorog bilan yaxshilab aralashtiriladi. Sochlarga bir tekis taqsimlab surilgandan so‘ng, o‘rab qo‘yilgan sochlar bilan 20—25 daqiqa yurish lozim. Mazkur niqobni haftada 1—2 marta qo‘llash mumkin.
Yog‘lardan tayyorlanadigan niqob
Yog‘lardan tayyorlangan niqob soch tarkibiga chuqur singib, ularni oziqlantiradi hamda quruq, sinuvchan sochlarni tiklaydi. Zaytun va chakamug‘ (yoki kastor) yog‘ini teng nisbatda (2 osh qoshiq) aralashtirib, suv vannasida tana haroratigacha isitish lozim. Niqobni bosh terisiga va butun uzunligi bo‘ylab surish, uchlariga alohida e’tibor qaratish kerak. Uni sochda uch soatgacha ushlab turish mumkin.
Asal va tuxum sarig‘idan niqob
Tuxum sarig‘i va asal quruq sochlar uchun oziqlantiruvchi ajoyib niqobdir. Niqob uchun 1—2 ta tuxum sarig‘i, ikki osh qoshiqdan eritilgan asal va chakamug‘ yog‘i kerak bo‘ladi. Ularni aralashtirib, quruq sochlarga suring. Bir soat ushlab turib, so‘ngra yuvib tashlang.
Izoh (0)