O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-yanvarda prokuratura organlari xodimlari kuni oldidan bir guruh soha xodimlari bilan uchrashdi. Uchrashuvda Oliy Majlis palatalari rahbarlari, hukumat a’zolari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, prokuratura organlari mas’ul xodimlari va faxriylari ishtirok etdi, deb xabar beradi O‘zA.
“Sizlarni 8-yanvar — Prokuratura organlari xodimlari kuni munosabati bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman. Barchangizga sihat-salomatlik, tinchlik-xotirjamlik, mas’uliyatli faoliyatingizda muvaffaqiyatlar tilayman, — dedi Prezident o‘z chiqishida. — Ma’lumki, 1992-yil 8-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov farmoni bilan O‘zbekiston SSR prokuraturasi mustaqil O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasiga aylantirilgan”.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq, qonunchilik tashabbusi huquqiga ega subyektlardan biri prokuratura organlaridir. Prokuratura organlari tomonidan mamlakatda qonun ustuvorligini ta’minlash, qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va davlatning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mustaqillik yillarida mamlakatda qonun ustuvorligini ta’minlashga, fuqarolar huquqlari va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Sud-huquq tizimi tubdan isloh qilindi.
“Erishilgan yutuqlar o‘zimizniki, unga mahliyo bo‘lib o‘tirish bizga yarashmaydi. Bugun sizlar bilan oldimizda turgan dolzarb vazifalar haqida gaplashib olmog‘imiz lozim, dedi davlatimiz rahbari. Odamlar hamma narsaga chidashi mumkin, adolatsizlikka chiday olmaydi. Jamiyatda adolat barqaror bo‘lishida prokuratura organlarining o‘rni katta bo‘lmog‘i kerak”, — dedi davlat rahbari.
O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahnamoligida keng ko‘lamli islohotlarni hayotga izchil tatbiq etish, ularning samaradorligini yuksaltirishda qonuniy asoslarni mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar mamlakatning har tomonlama taraqqiy etishiga xizmat qilmoqda. Davlat hokimiyati va boshqaruvini yanada demokratlashtirish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha qilingan ishlar dunyo hamjamiyatining yuksak e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda.
“Prokuratura organlari xodimlarining ishi katta mas’uliyat, fidoyilik, halollikni talab qiladi, — dedi Prezident. — Qabul qilinayotgan har bir qaror zamirida inson taqdiri turadi. Shunday ekan, yetti o‘lchab bir kesish bu borada asosiy mezon bo‘lmog‘i shart”.
Qonunchilik bazasini har tomonlama mustahkamlash va qonunlarni so‘zsiz ijro etish, fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish, demokratik huquqiy davlatni rivojlantirish, xususiy mulk va tadbirkorlik taraqqiyotini qo‘llab-quvvatlash hamda uning ishonchli himoya qilinishini ta’minlashda prokuratura organlarining roli katta.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 5-oktabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida tadbirkorlik faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik va to‘sqinlik qilganlik, ularning faoliyatini asossiz to‘xtatib qo‘yganlik uchun mansabdor shaxslarning javobgarligi oshirilgan.
Bu soha xodimlarining zimmasiga huquqiy hujjatlarning aniq va to‘la ijro etilishini nazorat qilish, huquqbuzarliklarning oldini olishdek vazifalar mas’uliyatini yanada oshirdi.
Prezident tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishida prokuratura organlarining roli haqida gapirar ekan, quyidagilarni alohida ta’kidladi.
Mustabid tuzum davrida odamlar prokuratura organlari xodimlarini faqat qoralovchi, jazolovchi tizim vakillari sifatida bilardi. Biz ushbu soha faoliyatini xalqaro talablar darajasida qayta tashkil qilishda ijobiy natijalarga erishmoqdamiz, dedi Prezident. Prokuratura organlari kundalik hayotda qonun ustuvorligini ta’minlash, yuridik va jismoniy shaxslarning qonuniy huquqlarini himoya qilish, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilishi zarur.
Prokuratura organlari faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini yanada takomillashtirish, mamlakatda qonun ustuvorligi va qonuniylikni ta’minlash bo‘yicha prokuratura organlari faoliyatining samaradorligini oshirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini, jamiyat va davlat manfaatlarini ishonchli himoya qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining prokuratura organlari faoliyati ustidan nazorat qiluvchi komissiyasini tuzish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qo‘shma qarori qabul qilingan. Ushbu qarorga muvofiq Komissiyaning zimmasiga qonun ustuvorligi va qonuniylikni ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, prokuratura organlarining huquqni qo‘llash amaliyotini har tomonlama o‘rganish va umumlashtirish, prokuratura organlari faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlarini, shuningdek, huquqni qo‘llash amaliyotini va ularning ishlash usullarini yanada takomillashtirish yuzasidan ularning zimmasiga yuklatilgan vazifalar samarali bajarilayotgani ustidan muntazam parlament nazoratini amalga oshirish vazifalari qo‘yildi.
Hozirgi kunda Oliy Majlis Senati tomonidan har yili Bosh prokurorning hisoboti eshitiladi. Bu albatta muhim, lekin joylardagi prokurorlarning hisobotini kim eshitadi, dedi Shavkat Mirziyoyev. 2017-yildan boshlab barcha darajadagi hokimlar, prokuratura va ichki ishlar organlari rahbarlarining aholi oldida hisobot berish tizimi joriy etiladi. Bundan tashqari, viloyatlarda prokurorlarning ishiga qarab oylik reytingi tuzib boriladi. Ularning faoliyatiga reyting natijalari asosida baho beriladi.
O‘tgan yili tashkil qilingan Bosh vazirning virtual qabulxonasiga fuqarolardan 311 ming murojaat kelib tushdi. Murojaatlar orasida prokuratura sohasiga tegishlilari ham talaygina. Bu juda achinarli holdir, dedi Prezident.
Uchrashuvda Respublika Bosh prokurori Ixtiyor Abdullayev, Xorazm viloyati prokurori vazifasini bajaruvchi Sadriddin Turdiyev, Xonqa tumani prokurori G‘ayrat Abdullayev, G‘uzor tumani prokuraturasi katta noziri Zamira Ashirova, Toshkent shahar prokurori Botir Qudratxo‘jayev, Bosh prokuratura tizimidagi departamentning Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i Jahongir Egamov va boshqalar 8-yanvar — Prokuratura organlari xodimlari kunini nishonlash haqidagi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilingani uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi. Davlat rahbari tomonidan bildirilgan tanqidiy fikrlardan tegishli xulosa chiqarib, inson manfaatlarini to‘la ta’minlash uchun barcha chora-tadbirlar ko‘rilishini ta’kidladi.
Izoh (0)