Yangi yil bayrami arafasida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatning yetakchi olimlari, ziyolilari, akademiklari bilan uchrashib, ular bilan ilm-fanni yanada rivojlantirish, fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini amalga oshirish yuzasidan dildan suhbatlashdi. Bu haqda UzReport xabar bermoqda.
“O‘zbekiston” forumlar saroyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda akademik olimlar kadrlar tayyorlash sifatini yaxshilash, funtamental yo‘nalishlarni rivojlantirish, akademiklar maktabini yaratish, yetakchi olimlar salohiyati va tajribasidan samarali foydalanish yuzasidan takliflar berib, yillar davomida dilda tugilib qolgan o‘y-fikrlari bilan o'rtoqlashdi.
Prezident o‘tgan 25 yil davomida mamlakatda katta islohotlar amalga oshirilgani, barcha sohalarda ulkan yutuqlar qo‘lga kiritilganini e’tirof etgan holda bugungi ta’lim sifatini shiddat bilan rivojlanib borayotgan zamonaviy dunyoning yangicha talablarga moslashtirish lozimligi, bu masalalarni bugun hal qilinmasa, ertaga kech bo‘lishini ta’kidladi.
So‘z olganlar akademiklar bilan uchrashuv uyushtirish, ularning dilida yig‘ilib qolgan fikr va takliflarini eshitishdek shaxsiy tashabbus uchun, olimlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bildirgan fikrlari uchun Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik so‘zlarini izhor qildi. Shuningdek, ilm-fan yo‘nalishlarini rivojlantirish, buning amaliy mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish yuzasidan bir qator konstruktiv takliflarni ilgari surdi.
Uchrashuvda qayta-qayta tilga olingan masala kadrlar tayyorlash tizimi bo‘ldi. O‘zbekistonda bu borada tegishli baza yaratilgan, faqat uni mukammal tizimga aylantirish, buning uchun esa OTMda ta’lim dasturlarini takomillashtirish talab etiladi.
Muloqot chog‘ida mikrobilogiya fanini rivojlantirishdan tortib tog‘-kon sanoatiga zamonaviy texnologiyalarni jalb etish, inson resurslarini o‘rganish, sotsiologiya faniga e’tibor qaratish, innovatsion texnologiyalar taraqqiyotida yangi zamonaviy yo‘nalishlarni ham inobatga olish, investitsion dasturlarni olimlar bilan birgalikda ishlab chiqish, ayniqsa, xavfli obyektlarda robotexnikani rivojlantirish bilan bog‘liq bir qator muhim masalalar ko‘tarildi.
Muloqot so‘nggida Shavkat Mirziyoyev har yili kamida bir marta ilm ahli bilan mana shunday dildan suhbatlashishini va’da qildi.
Izoh (0)