Samarqand shahridagi bayram tadbiriga viloyatdagi Mehribonlik uylari, SOS — bolalar mahallasi tarbiyalanuvchilari, xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar, huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlarining farzandlari, ota-ona qarovisiz qolgan bolalar taklif etildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Tadbir mehmonlari — jajji o‘g‘il-qizlarga Prezidentning Yangi Yil sovg‘alari topshirildi. Qorbobo va Qorqiz, turli ertak qahramonlari ishtirokidagi tomoshalar, baxtli bolalik, Vatan madhiga bag‘ishlangan qo‘shiqlar, sho‘x kuylar bolalarga bir olam zavq ulashdi.
“Yangi Yil bayramini yaxshi ko‘ramiz, — dedi Samarqand shahridagi 9-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi Parizoda Saidova. — Archa atrofida maza qilib o‘ynadik, qo‘shiqlar aytdik. Prezidentimizning bizga atalgan sovg‘alari bayramning eng katta sovg‘asi bo‘ldi”.
Tadbirda Samarqand viloyati hokimi H. Oqbo‘tayev so‘zga chiqdi.
Izoh (0)