Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu BMT Xavfsizlik Kengashiga a’zo 12 mamlakat elchixonalari bilan aloqalarni muzlatib qo‘yishga ko‘rsatma berdi. Ushbu mamlakatlar Isroilni Falastinning bosib olingan yerlarida yahudiy manzilgohlarini qurishni to‘xtatishga chaqiruvchi rezolyutsiyani ma’qullagani bunga sabab bo‘ldi, deb xabar beradi “Vedomosti”.
Aytilishicha, gap Buyuk Britaniya, Fransiya, Rossiya, Xitoy, Yaponiya, Ukraina, Angola, Misr, Urugvay, Ispaniya, Senegal va Yangi Zelandiya haqida ketmoqda.
Ilgariroq shu masala yuzasidan Isroil TIVga o‘n mamlakat elchisi chaqirilgan hamda ular bilan individual tartibda suhbatlar o‘tkazilgan edi. Bosh vazir, shuningdek, hukumat a’zolariga ushbu mamlakatlarga borishni taqiqladi hamda Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey bilan uchrashuvni bekor qildi.
Shu bilan birga, CNN’ning bildirishicha, bosh vazirning qarori mamlakatlarning aloqalariga aytarli ta’sir ko‘rsatmaydi, negaki taqiq savdo, xavfsizlik hamda real o‘zaro munosabatlarning boshqa jihatlariga cheklov qo‘ymaydi.
Izoh (0)