Yoshlar ijod saroyida O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi markaziy kengashi tomonidan O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov ijodiga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Tadbirda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi a’zolari, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi vakillari, partiyaning “Yoshlar qanoti” va “Ayollar qanoti” yetakchilari, adabiyotshunos olimlar, yozuvchi va shoirlar, yosh ijodkorlar, san’atkorlar hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
“Dillarga ko‘chgan she’riyat” deb nomlangan xotira kechasida O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidov Vatan, inson erki, muqaddas zaminni ulug‘lab bitgan she’r va g‘azallari, dostonlari, dramalari bilan o‘quvchilar qalbidan mustahkam o‘rin egallagan yetuk ijodkor ekani ta’kidlandi.
Tadbirda partiyaning markaziy kengashi qoshida Erkin Vohidov nomidagi yosh qalamkashlar klubining ochilish marosimi o‘tkazildi. Mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shoir tavalludini keng nishonlash to‘g‘risidagi qarori ijrosini ta’minlash hamda partiyaning saylovoldi dasturida belgilangan milliy o‘zlikni anglash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni “ommaviy madaniyat”ning salbiy ta’siridan himoya qilish, ijodkor o‘g‘il-qizlarni qo‘llab-quvvatlash ushbu klubning asosiy maqsadidir.
Shoir she’rlari asosidagi yoshlar mushoirasi, taniqli san’atkorlar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar kechaga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi, deb ta’kidlanadi xabarda.
Izoh (0)