O‘zbekiston Qahramoni, “Nuroniy” jamg‘armasi Andijon viloyati bo‘limi raisi Tavakkal Topvoldiyev olamdan o‘tdi. Shu munosabat bilan mamlakat rahbariyati ta’ziya maktubini e’lon qildi. Uning matni O‘zAda keltirildi.
Mamlakatimiz jamoatchiligi og‘ir judolikka uchradi. O‘zbekiston faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi Andijon viloyati bo‘limi raisi, O‘zbekiston Qahramoni Tavakkal Temirovich Topvoldiyev 82 yoshida vafot etdi.
T. Topvoldiyev 1934-yil 10-sentabrda Andijon viloyatining Shahrixon tumanida ishchi oilasida tug‘ildi. 1957-yili Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini muhandis-gidrotexnik mutaxassisligi bo‘yicha tamomladi. Ko‘p yillar davomida Andijon viloyati sug‘orish tarmoqlari tizimida samarali mehnat qildi. 1965–1985-yillar mobaynida Bo‘z, Ulug‘nor, Jalaquduq tumanlarida birinchi rahbar lavozimida faoliyat ko‘rsatdi. 1985–1996-yillarda Andijon viloyatida turli mas’ul vazifalarda ishladi. 1996-yildan umrining oxiriga qadar O‘zbekiston faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi Andijon viloyati bo‘limi raisi bo‘lib xizmat qildi.
T. Topvoldiyev qariyb oltmish yillik mehnat faoliyati davrida viloyat hududlari, tarmoq va sohalarini rivojlantirish hamda keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlariga munosib hissa qo‘shdi. Vatanimiz mustaqilligining dastlabki yillaridan boshlab viloyatda mamlakat ahamiyatiga ega bo‘lgan yirik istiqbolli loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etdi.
“Nuroniy” jamg‘armasi Andijon viloyati bo‘limi raisi sifatida viloyatda urush va mehnat faxriylarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yoshlarimizni ona Vatanga, xalqimizga sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, bu borada keksa avlod vakillarining faol ishtirokini ta’minlashda o‘zining tashabbuskorlik va tashkilotchilik fazilatlarini namoyon etdi.
U jonkuyar va talabchan, mehribon ustoz sifatida el-yurtimiz o‘rtasida yuksak hurmat va e’tibor qozondi.
T. Topvoldiyevning ko‘p yillik samarali mehnati davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “Do‘stlik” va “El-yurt hurmati” ordenlari hamda O‘zbekiston Qahramoni unvoni bilan mukofotlangan edi.
Fidoyi rahbar, samimiy va kamtarin inson Tavakkal Topvoldiyevning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Sh. Mirziyoyev, N. Yo‘ldoshev, N. Ismoilov, A. Aripov, Sh. Usmonov, Sh.Abdurahmonov
Eslatib o‘tamiz, Tavakkal Topvoldiyevga 2015-yil 25-avgustida “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni berilgan edi.
Izoh (0)