Oversize palto (keragidan biroz katta o‘lchamdagi) dizaynerlar uchun haqiqiy topilmaga aylandi. 80-yillarning uslubi yana ommalashdi. O‘shanda yelkalari keng, pastga qarab toraygan paltolarni kiyish urf bo‘lgan.
2016-yilda uni ko‘plab dizaynerlar — Ralph Lauren’dan Gucci’gacha o‘z liboslar to‘plamida aks ettirdi. Agar o‘ziga ishongan va e’tibor markazida bo‘lishdan cho‘chimaydigan inson bo‘lsangiz, tor kiyimlardan voz kechib, keng va qulayrog‘ini tanlashni tavsiya etamiz.
Keng palto bilan komplekt hosil qilishda rang asosiy jihatlardan biri hisoblanadi. Oq bilan qora hamda kulrangni uyg‘unlashtirish allaqachon klassikaga aylanib ulgurgan. Agar nazokatliroq ko‘rinishni istasangiz och ranglarni (pushti, moviy, shaftolirang) tanlashni tavsiya etamiz.
Zamon bilan hamnafas ko‘rinish uchun palto ichidan kiygan libosingiz undan biroz kaltaroq bo‘lishi zarur. Bu katta o‘lchamdagi palto ostida nozik qomat yashiringanligiga urg‘u beradi. Bunday palto bilan tor ko‘ylak (futlyar-ko‘ylak) va pastga qarab toraygan yubka (yubka-karandash) ajoyib tarzda mos tushadi.
Shuningdek, pastki qismi toraytirilgan djinsi (skinny) shim ham oversize palto bilan haqiqiy uyg‘unlik hosil qiladi.
Oyoq kiyim uchun klassik botilyon yoki bir rangdagi poshnali etikda to‘xtalishni tavsiya etamiz. Qolaversa, bunday uslubga botfortlar ham mos keladi. Biroq katta botinkalardan voz keching.
Oversize uslubidagi palto qo‘shimcha bezak va ortiqcha aksessuarlarga muhtoj emas. Bunday obrazga bir rangdagi sharf yoki shlyapa romantik kayfiyat bag‘ishlay oladi.
Sumka masalasiga kelsak, uning o‘rtacha o‘lchamdagisini tanlang, zinhor juda kattasini emas.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.