Toshkentning “Lokomotiv” futbol klubi mamlakat Oliy Ligasida o‘zini ko‘rsatayotgan legioner futbolchilarni o‘z safiga qo‘shishda davom etishi mumkin.
“Championat.asia” nashrining xabariga ko‘ra, “temiryo‘lchilar” “Bunyodkor” sharafini himoya qilgan xorvatiyalik futbolchiga qiziqish bildirgan. Shu boisdan Yuritsa Bulyat katta ehtimol bilan “Lokomotiv”da paydo bo‘lishi mumkin.
Avvalroq “Bunyodkor” klubi bosh direktori Baxtiyor Boboyev ishonchni oqlamagani uchun barcha legioner futbolchilarga javob berilganini aytib o‘tgandi. Qayd erish kerak, Bulyat “Bunyodkor” safida 25 uchrashuv o‘tkazib, 10 ta sariq kartochka ishlab olgan.
“Lokomotiv” o‘tgan mavsum o‘ziga raqobatchi bo‘lgan “Paxtakor” va “Nasaf” klublaridan 1 nafardan legionerni o‘z safiga qo‘shib olgandi. O‘zbekistonga ilk tashrifida “Lokomotiv” libosini kiyib, keyingi uch yilini “Paxtakor”da o‘tkazgan gruziyalik Kaxi Maxaradze 2016-yil avvalida yana “Lokomotiv”ga qaytib, klubning oltin dubl qayd etishiga yordam berdi.
Yakuniga yetgan mavsumning o‘rtasida esa “temiryo‘lchilar” “Nasaf”ning turkmanistonlik legioneri Artur Gevorkyanni qo‘shib olgandi. Gevorkyan O‘zbekiston miqyosidagi jamoaviy va shaxsiy sovrinlarning barchasini yutib olgan yagona futbolchi hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Oliy Ligasi va Osiyo Chempionlar Ligasida 3 nafar xorijiy va 1 nafar osiyolik futbolchi to‘p surishi mumkin. “Bunyodkor”dan Yuritsa Bulyat ham olib kelinsa, “Lokomotiv”ning bu limiti hozircha to‘ladi.
Klubda Artur Gevorkyan osiyolik legioner sifatida to‘p surayotgan bo‘lsa, Serbiyadan Nemanya Yanichich hamda Gruziyadan Kaxi Maxaradze ham bor. Klub bu futbolchilarning qay biri bilandir xayrlashgani borasida axborot taqdim etmagan.
Osiyo Chempionlar Ligasining 2017-yilgi mavsumiga qur’a tashlash marosimidan keyin “Lokomotiv” futbolchilari yarim final marrasini ko‘zlayotgani haqida aytib o‘tgandi.
Izoh (0)