Germaniyada ishlangan “Chig‘anoqlar malikasi” nomli ovozsiz kinokomediya durdonasining 2013-yilda Toshkentda va Farg‘ona vodiysida katta muvaffaqiyat bilan namoyish etilgani munosabati bilan Germaniya Federativ Respublikasining Toshkentdagi elchixonasi ushbu loyihani davom ettirishga va mazkur film-konsertni Jizzax va Guliston shaharlarida tomoshabinlar e’tiboriga havola etishga qaror qildi. Bu haqda “Daryo”ga elchixona matbuot xizmati xabar berdi.
Jizzax viloyati musiqali drama va komediya teatrida — 19-dekabr soat 16:00 da;
Guliston shahri 1-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida — 20-dekabr soat 15:00 da.
“Chig‘anoqlar malikasi” filmi Berlinda tug‘ilgan taniqli rejissor Ernst Lyubichning erta ijodiga mansub hisoblanadi. 1919-yilda Berlin shahridagi Kurfyurstendamm kinoteatrida ilk marta namoyish etilgan va bir soat davom etadigan mazkur kinokomediya bir milliarderning o‘ziga nasab jihatidan mos er izlaydigan va kambag‘allashib qolgan bir shahzodaning xizmatkori bilan anglashilmovchilik tufayli nikohdan o‘tib qo‘yadigan qizi haqida hikoya qiladi.
Ernst Lyubich (1892–1947) tragik va satirik ohanglarga boy ajoyib komediya filmlari suratga olgan betakror nemis rejissori hisoblanadi. 1922-yilda Gollivudga ko‘chib o‘tishidan oldin u qisqa vaqt davomida Germaniyada faoliyat yuritgan.
“So‘g‘diyona” orkestri “Chig‘anoqlar malikasi” ovozsiz kinokomediyasiga o‘zbek milliy cholg‘ulari vositasida musiqiy hamrohlik qiladi. Orkestr dirijori va badiiy rahbari, professor Feruza Abdurahimova o‘z musiqachilari bilan birgalikda musiqiy kompozitsiyalarni tanlab, orkestr uchun betakror bir yangi asar yozib chiqdi.
Mazkur film-konsert Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi va “So‘g‘diyona” orkestri o‘rtasidagi ijodiy hamkorlik samarasi hisoblanadi hamda Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy hamkorlik ahamiyatiga urg‘u beradi.
Film-konsertlarga kirish bepul.
Izoh (0)