Shanxay Hamkorlik Tashkiloti kuzatuvchilari missiyasi 11-dekabr, yakshanba kuni Qirg‘izistonda Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi savol bo‘yicha bo‘lib o‘tgan referendumni respublika qonunchiligiga muvofiq deb topdi. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.
“Referendumning qonuniyligini shubha ostiga qo‘yuvchi qonunchilik me’yorlarining buzilishi qayd etilmadi”, — dedi ShHT kuzatuvchilari missiyasi rahbari Van Kayven matbuot anjumanida. Uning so‘zlariga ko‘ra, missiya referendum ochiq, erkin va demokratik tarzda bo‘lib o‘tganini tan oladi.
11-dekabr, yakshanba kuni Qirg‘izistonda konstitutsion referendum o‘tkazildi. MSKning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, referendumda saylovchilarning 42,07 foizi qatnashdi, ularning 79,59 foizi Konstitutsiyaga tuzatishlar kiritilishini yoqlab ovoz berdi, 15,40 foizi qarshi chiqdi.
MSK referendumni bo‘lib o‘tgan deb tan oldi.
Izoh (0)