Qirg‘iziston Konstitutsiyasiga tuzatishlar referendum natijalariga ko‘ra, qabul qilingan hisoblaniladi. Bu haqda Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasi rahbari Nurjon Shayldabekova ma’lum qildi, deb yozadi “Interfaks”.
“Konstitutsiyaviy qonunga muvofiq, referendumda saylovchilarning 30 foizdan ortig‘i ishtirok etgan bo‘lsa, MSK uni bo‘lib o‘tgan deb tan oladi, va shubhasiz, ovoz berish yakunlari Konstitutsiyaga tuzatishlarni qabul qilingan deb hisoblash mumkinligidan darak beradi”, — dedi MSK rahbari.
Uning qo‘shimcha qilishicha, byulletenlarning qariyb 100 foizi ko‘rib chiqilgandan keyin, ovoz berish ishtirokchilarining 80 foizi Konstitutsiyaga kiritiladigan o‘zgartirishlarni qo‘llab-quvvatlagani, 15 foizi esa bunga qarshi chiqqani ma’lum bo‘lgan.
Taklif etilayotgan o‘zgartishlarga ko‘ra, prezidentning vakolatlari kamaytiriladi, parlament va bosh vazirning vakolatlari esa, aksincha, kengaytiriladi. Shuningdek, sud va huquq-tartibot tizimlari isloh etiladi.