Sochi Olimpiadasidagi doping namunalarini soxtalashtirish sxemasida Rossiya sport vazirligi, RUSADA aksildoping agentligi, Moskva aksildoping laboratoriyasi va Federal xavfsizlik xizmati xodimlari ishtirok etgan edi. Doping bo‘yicha davlat dasturidan 30 dan ortiq sport yo‘nalishi vakili bo‘lgan mingdan ortiq rossiyalik sportchi ishtirok etdi. Bu haqda Butunjahon aksildoping agentligining (WADA) Richard Maklaren boshchiligidagi mustaqil komissiyasi taqdim etgan hisobotning ikkinchi qismida aytildi, deb xabar beradi “Korrespondent.net”.
Ekspertlar 2014-yilgi O‘yinlarda rossiyalik sportchilarning doping namunalari almashtirib qo‘yilganini yana bir bor tasdiqladi. Yangi hujjatda 500 dan ortiq qalbaki doping hisobotlari Moskvadagi laboratoriyadan WADA elektron tizimiga jo‘natilgani aytiladi. Hisobotning birinchi qismida bu ko‘rsatkich 312 ga teng edi.
Ekspertlarning uqtirishicha, doping manipulyatsiyalariga 2012-yilgi London Olimpiadasida hamda 2013-yili Moskvada bo‘lib o‘tgan yengil atleka bo‘yicha jahon chempionatidayoq qo‘l urilgan.
Mutaxassislarning taxminicha, doping tekshiruvlari natijalarini qalbakilashtirish tizimi ilk bor 2011-yili yaratila boshlangan. Bunga Rossiya jamoasining Vankuver Olimpiya o‘yinlaridagi muvaffaqiyatsizliklari sabab bo‘lgan.
Shu bilan birga, Maklarenning fikricha, Sochidagi O‘yinlarda doping namunalarini almashtirib qo‘yish texnikasi Moskva aksildoping laboratoriyasi uchun odatiy holga aylanib, ko‘plab yozgi va qishki sport turlarida ishlatilgan.
Izoh (0)