7-dekabr kuni kuchli zilzila yuz bergan Indoneziyaning Achex provinsiyasida 1,5 mingdan ortiq harbiy xizmatchi, politsiyachi va qutqaruvchi qutqaruv operatsiyasida ishtirok etmoqda. Bu haqda bugun, 9-dekabr kuni The Straits Times gazetasi ma’lum qildi, deb yozadi “TASS”.
“Tirik qolganlarni topish umidi katta emas”, — dedi tabiiy ofatlar oqibatlarini bartaraf etish milliy agentligi rasmiy vakili Sutopo Purvo Nugroxo.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 102 kishi halok bo‘lgan, 750 dan ortiq odam yaralangan, ulardan 136 nafari og‘ir ahvolda. Biroq qutqaruvchilar binolar vayronalari ostida hali ham odamlar bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Hozirgi paytda 3,2 ming mahalliy aholi vaqtinchalik evakuatsiya markazida bo‘lib, hukumat oziq-ovqat, suv va chodirlar yetishmovchiligini boshdan kechirmoqda.
6,4 magnitudali yer silkinishidan so‘ng yana 300 dan ortiq takroriy silkinishlar qayd etilgan. Oqibatda 10 mingdan ortiq bino, jumladan, turar-joylar, maktablar, masjid va do‘konlar vayron bo‘lgan.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)