Checheniston Respublikasi rahbari Ramzan Qodirov maxsus topshiriqli bo‘linmalarning Chechenistonga joylashtirilgan “Sharq” va “G‘arb” batalyonlari jangchilari Suriyaga ko‘chirilishi haqidagi ma’lumotni rad etdi, deya xabar bermoqda “Interfaks” uning Instagram sahifasiga tayanib.
“Ishonch bilan aytamanki, Checheniston Respublikasida hech qanday ‘Sharq’ va ‘G‘arb’ batalyonlari yo‘q”, — deb yozdi Qodirov o‘z Instagram’ida.
Uning ta’kidlashicha, respublikaga, Rossiyaning boshqa hududlarida bo‘lgani kabi, Rossiya mudofaa vazirligi bo‘linmalari joylashtirilgan. “Ularda Checheniston va federatsiyaning boshqa subyektlari fuqarolari xizmat o‘taydi. Rossiya qo‘shinlari Suriyada quruqlikdagi operatsiyalarda ishtirok etmasligi yaxshi ma’lum”, — deya qayd etdi Checheniston rahbari.
Uning qo‘shimcha qilishicha, agar Chechenistonga joylashtirilgan qismlar harbiy xizmatchilariga Rossiyaning Suriyadagi aviabazasini qo‘riqlash xizmatini o‘tash haqida buyruq kelib tushsa, “ular juda baxtli odamlar bo‘lardi”.
Izoh (0)