Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Shavkat Mirziyoyevni O‘zbekiston Prezidenti lavozimiga saylangani munosabati bilan tabrikladi. Bu haqda, Oq O‘rda matbuot xizmatiga asoslanib, “Gazeta.uz” xabar qildi.
O‘z tabrigida Nursulton Nazarboyev o‘tgan saylov natijalari xalq farovonligini oshirish hamda xalqaro maydonda mamlakat mavqeini o‘stirish borasida olib borilayotgan siyosatga O‘zbekiston xalqi tomonidan yuksak ishonch bildirilayotganidan dalolat berishini qayd qilib o‘tdi.
“Ishonchim komilki, Siz qardosh O‘zbekistonning barqarorligini va xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan keng miqyosli islohotlarni davom ettirasiz”, — deyiladi tabrikda.
Nursulton Nazarboyev birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli Qozog‘iston va O‘zbekiston strategik hamkorligining rivojlanishiga, shuningdek, Markaziy Osiyodagi barcha davlatlarning o‘zaro hamkorligini kengaytirishga yangi turtki berilganini qayd qilib o‘tdi.
Qozog‘iston rahbari ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikning ulkan salohiyatiga e’tibor qaratib, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda konstruktiv muloqot olib borishga tayyorligini bildirdi.
“Fursatdan foydalanib, muloqotimizni Ostonada davom ettirish maqsadida Sizga qulay bo‘lgan vaqtda Qozog‘istonga davlat tashrifi bilan kelishga taklif etaman”, — deyiladi tabriknoma matnida.
Nursulton Nazarboyev Shavkat Mirziyoyevga mustahkam sog‘lik va davlat faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar, O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik va farovonlik tiladi.
Izoh (0)