4-dekabr soat 22:00 da O‘zbekiston milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ovoz berishning borishiga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov saylovning dastlabki natijalari yuzasidan ma’lumot berdi. Uning so‘zlari MSK rasmiy saytida keltirildi.
“Bugun soat 20:00 da O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘yicha barcha saylov uchastkalarida ovoz berish jarayoni yakunlandi. Faqat O‘zbekiston Respublikasining Misr, Yevropaning aksariyat davlatlari va Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi vakolatxonalari huzurida tashkil etilgan saylov uchastkalarida ovoz berish jarayoni davom etmoqda”, — ma’lum qildi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov.
“Shuni alohida ta’kidlash lozimki, mamlakatimiz fuqarolari saylovda yuksak siyosiy va fuqarolik faolligini namoyish etdi. Soat 11:00 ga qadar saylovchilarning 33 foizidan ortig‘i ovoz berishda ishtirok etgani buning yaqqol tasdig‘idir”, — so‘zida davom etdi u.
Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov ta’kidlab o‘tganiday, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ovoz berishda 17 million 941 ming 955 nafar fuqaro ishtirok etdi. Bu ro‘yxatga kiritilgan saylovchilar umumiy sonining 87,83 foizini tashkil etadi.
“Albatta, bunga hali xorijiy davlatlardagi O‘zbekiston Respublikasining vakolatxonalari huzurida tashkil etilgan saylov uchastkalarida ovoz berish natijalari kiritilmagan”, — qo‘shimcha qildi Markaziy saylov komissiyasi raisi.
Izoh (0)