BMT Xavfsizlik Kengashining KXDRga qarshi yangi sanksiyalar joriy etish bo‘yicha rezolyutsiyasi respublika suverenitetiga daxl qilishga urinish bo‘lib, mamlakat hukumati tegishli javob choralarini ko‘radi. Bu haqda Koreya markaziy telegraf agentligi bayonot tarqatdi, deb xabar beradi “TASS”.
30-noyabr kuni Xavfsizlik Kengashi bir muddat ilgari amalga oshirilgan yadroviy sinovlar munosabati bilan KXDRga nisbatan yangi cheklov choralarini ko‘rish bo‘yicha 2321-raqamli rezolyutsiyani qabul qilgan edi. Shimoliy Koreya rahbariyati ushbu hujjatga o‘z noroziligini bildirib, javob choralari ko‘rilishini ma’lum qildi.
Rezolyutsiyada ko‘zda tutilgan choralar sirasida Shimoliy Koreyadan yiliga 4,5 million tonna miqdoridagi yoki 400,9 million dollar qiymatidagi ko‘mir eksportini cheklash ham bor.
Bu singari choralar bekor qilinishi uchun Shimoliy Koreya rahbariyatidan har qanday turdagi yadroviy qurol ishlanmalari va sinovlarini to‘xtatish hamda yadroviy qurollarni qisqartirish talab etilmoqda.
Izoh (0)