O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan nomzod Narimon Umarovning 22-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan Xorazm viloyatidagi uchrashuvi boshqa hududlardagi singari saylovchilarning yuqori darajadagi faolligida kechdi. Bu haqda “Daryo”ga partiya matbuot xizmati xabar berdi.
Viloyatning tuman va shaharlaridagi saylovchilar bilan videokonferensiya orqali muloqot tarzida tashkil etilgan tadbirda jami 3200 nafarga yaqin talaba-yoshlar, jamoat tashkilotlari vakillari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faollari, mahalliy kengashlar deputatlari, partiyaning viloyat, tuman va shahar kengashlari a’zolari ishtirok etdi.
Uchrashuvni O‘zbekiston “Adolat” SDP Xorazm viloyat Kengashi raisi o‘rinbosari R. Latipov olib bordi. Narimon Umarovning ishonchli vakili O‘zbekiston “Adolat” SDP Xorazm viloyat Kengashi raisi I. Abdullayev yig‘ilganlarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning tarjimai holi bilan yaqindan tanishtirdi.
Tadbirda ma’ruza qilgan N. Umarov al-Xorazmiy, al-Beruniy, Jaloliddin Manguberdi, Najmiddin Kubro kabi mashhur allomalar, vatanparvar sarkardalarga beshik bo‘lgan ko‘hna va hamisha navqiron Xorazm viloyatida istiqlol yillarida ro‘y bergan ijobiy yangilanishlar hamda hudud aholisining bunyodkorlik va yaratuvchanlik salohiyatini alohida e’tirof etdi. Jumladan, nomzod, viloyatning iqtisodiy imkoniyatlariga e’tibor qaratar ekan, vohadagi Pitnak shahrida ishga tushirilgan “Xorazm avto” zavodida ishlab chiqarilayotgan Orlando, Damas va Labo kabi zamonaviy avtomobillar xonadon dastyoriga aylanib, odamlarning uzog‘ini yaqin qilish va turmush farovonligini oshirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Narimon Umarov uchrashuv ishtirokchilariga o‘z saylovoldi dasturining asosiy yo‘nalishlarini ma’lum qildi. Xususan, nomzod “Islohot islohot uchun emas, avvalo inson uchun” tamoyiliga amal qilgan holda aholining turmush darajasi ko‘rsatkichlarini yanada yaxshilashning muhim sharti bo‘lgan, ko‘p yillik mustaqil taraqqiyot davrida o‘zini oqlagan davlat ijtimoiy dasturlarini ishlab chiqib, hayotga samarali tatbiq etish tajribasini davom ettirishga doir takliflari bilan o‘rtoqlashdi.
Ayniqsa, Prezidentlikka nomzodning kuchli ijtimoiy himoya siyosatining muhim yo‘nalishi sifatida aholi salomatligini muhofaza qilishga doir ilgari surgan takliflari saylovchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Jumladan, ilm-fan, texnika, tibbiyot sohalari tez sur’atlarda taraqqiy etib borayotgan bir paytda demografik muammolar, ekologik bo‘hronlar oqibatida yangi-yangi kasalliklar kelib chiqayotgani, bu esa aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatning sifatini muntazam ravishda yaxshilab borishni taqozo etadi. Bu esa sohadagi ilmiy-amaliy izlanishlarning samaradorligini oshirish, tibbiyot xodimlarining malakasini yuksaltirishga qaratilgan masalalarga e’tiborni yanada kuchaytirish zarurligini talab qiladi.
Shu bois nomzod aholi keng qatlamlariga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat sifatini yanada yaxshilash barobarida, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari doirasida bolalarni tibbiy xizmatlar bilan ta’minlash tizimini kuchaytirish, qolaversa, mazkur sohada dori vositalarining noqonuniy aylanishi hamda sifatsiz dori vositalari sotilishining oldini olish tarafdori ekanini bayon qildi.
Nomzodning aholi o‘rtasida talab yuqori bo‘lgan tibbiyot muolajalariga, xususan, dunyoning rivojlangan mamlakatlarida keng qo‘llanib kelinayotgan eng ilg‘or tibbiy xizmat turlarini mamlakatda ham joriy qilish orqali ko‘plab insonlarni qaratilgan ezgu maqsadlari saylovchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Ochiq va jonli muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvda ishtirokchilar Prezidentlikka nomzoddan o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldi hamda o‘z fikr va takliflari bilan o‘rtoqlashdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati M. Qurbonboyev, Urganch davlat universiteti dotsenti Yu. Raxmanova, Xorazm viloyat Onkologiya dispanseri bosh shifokori T. Palvanov, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati R. Ruzmetov va boshqalar Narimon Umarovning saylovoldi dasturini qo‘llab-quvvatlab so‘zga chiqdi.
Izoh (0)