Apple kompaniyasi iPhone 6 Plus’ning displeyida nuqson borligini birinchi marta rasman tan oldi. Lekin, shunga qaramay, ta’mir uchun foydalanuvchilarning o‘zi haq to‘laydi, kompaniya ularga 50 foizlik chegirma taqdim etadi, deb xabar beradi TJournal.
iPhone 6 va iPhone 6 Plus smartfonlari foydalanuvchilari bir necha oydan buyon displeyning “tach-xastaligi”dan nolib kelayotgan edi. Ularning uqtirishicha, sensor sekin-asta ishdan chiqib boradi. Ammo kompaniya shu paytgacha bu nuqsonni tan olmay kelayotgan edi.
Endi kompaniya iPhone 6 Plus ta’miri uchun 50 foizlik chegirma taklif qilmoqda. Ushbu smartfonlarning displeyini o‘zgartirish 149 dollar turadi.
Shu bilan birga, Apple’ning dasturi iPhone 6 ga taalluqli emas — ushbu smartfonlarda mazkur muammo kam uchraydi.
iFixit va boshqa manbalarning uqtirishicha, “tach-xastalik”ning sababi Apple ushbu telefonlarni noto‘g‘ri konstruksiyalaganidir. Ushbu uskunalar korpusi tez deformatsiyaga uchraydi, pachoqlanish ayniqsa korpusning displey sensori uchun javob beradigan plata joylashgan qismida ro‘y beradi. Bundan tashqari, tach-sensor maxsus metallik qo‘shimchalar bilan himoyalanmagan.
Izoh (0)