Ko‘pchiligimiz shunchaki tik turish va kutish bilan bog‘liq vaziyatlarga tez-tez duch kelamiz. Shifokor qabulidagi navbatda, ish yoki o‘quv muassasasiga yo‘l olgan jamoat transportida yoki zerikarli ma’ruzada smartfoningiz va tavsiyalarimiz yordamida vaqtni unumli o‘tkazish mumkin.
Agar so‘z transport vositasi haqida borayotgan bo‘lsa, musiqa olamiga g‘arq bo‘lish eng yaxshi yechim bo‘la oladi. Telefoningizda yangi qo‘shiq tinglash yoki uni yaxshi radioto‘lqinga sozlash siz uchun qiyinchilik tug‘dirmaydi. Sifatli naushniklarda sevimli musiqa tinglash charchoqdan xalos bo‘lish va hayotiy energiya bilan ta’minlashga yordam berishi isbotlangan.
Agar yo‘lingizda o‘nqir-cho‘nqirlar bo‘lmasa, qiziqarli kitob yoki jurnal mutolaa qilishingiz mumkin. Hozirgi paytda telefon yordamida o‘qish uchun mo‘ljallangan ko‘plab dasturlar — FB Reader, Google Kitoblar va boshqalar mavjud.
Ko‘zlaringiz charchagan bo‘lsa, audiokitoblar mutolaaning o‘rnini bosa oladi. Professional diktor va aktyorlar tomonidan ovoz berilgan bunday audiokitoblar ularni o‘qish kabi ortiqcha mehnat talab qilmaydi. Buning uchun naushnik va pleyer/mobil telefonga ega bo‘lishning o‘zi kifoya. Bugungi kunda internet orqali istalgan kitobning ovozli versiyasini yuklab olish mumkin. Audio-kitoblar yordamida chet tillardagi bilimingizni oshirishingiz yoki imtihon va ishdagi hisobotga tayyorlanish mumkin.
Agar atrofingizda odamlar ko‘p bo‘lsa, vaqtni zakovatingizni charxlash uchun sarflashingiz mumkin. Krossvord, skanvordlar yoki yaponcha boshqotirma sudokular xotirani charxlash uchun ajoyib va qiziqarli vosita bo‘la oladi. Ularning barchasini Google Play yoki App Store’dan yuklab olishingiz mumkin.
Izoh (0)