Toshkentdagi “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasida 16-noyabrda ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmalar ish boshladi. Ular tog‘-kon, metallurgiya, mashinasozlik, dastgohsozlik, transport va logistika tarmoqlarini qamrab olgan, deb xabar beradi O‘zA.
O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi, ITE Uzbekistan xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi hamda boshqa qator tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirdan asosiy maqsad — mazkur tarmoqlarda ishlab chiqarish hajmi va sifatini oshirishga, mamlakatda yangi ish o‘rinlari tashkil etilishiga amaliy ko‘mak berishdan iborat. Ko‘rgazmalarda O‘zbekiston, Rossiya, AQSh, Xitoy, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Isroil, Latviya, Chexiya, Fransiya, Shveytsariya, Yaponiya kabi 25 davlatdan 110 kompaniya o‘z mahsulotlarini namoyish etmoqda.
Mining World Uzbekistan ko‘rgazmasi doirasida “O‘zbekiston Respublikasi qattiq foydali qazilmalarning investitsiyaviy salohiyati — O‘zGeoinvest — 2016” mavzuida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston Respublikasi Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi tashkil etadigan taqdimotda mamlakat geologiya tarmog‘ida amalga oshirilayotgan islohotlar va investitsiya loyihalari, O‘zbekistondagi konlar haqida atroflicha ma’lumot beriladi.
Tog‘-kon uskunalari ekspozitsiyasini “Metallurgiya. Mashinasozlik. Dastgohsozlik. — Machinery Central Asia” xalqaro ko‘rgazmasi to‘ldiradi. Forumda mashinasozlik dastgohlari, uskunalari, ehtiyot qismlari, avtomatik va uzluksiz tizimlar hamda boshqa mahsulotlar namoyish etilmoqda. Tyre Planet (O‘zbekiston) kompaniyasi avtoshinalar, avtomobil disklari va moylari, Chiron Werke, Knuth Machine Tools (Germaniya), Doosan (Janubiy Koreya) kompaniyalari metallga ishlov berish dastgohlarini, Oxymat Slovakia (Slovakiya) kompaniyasi azot va kislorod generatorlarini, “TBS Stankozavod” (Rossiya) kompaniyasi tokarlik uskunalarini taqdim qilmoqda.
Italiyaning Ficep SPA kompaniyasi metall konstruksiyalarini ko‘tarish uchun ishlab chiqarayotgan mashina asbob-uskunalari jahonning 90 davlatiga eksport qilinmoqda.
“Transport va logistika — TransUzbekistan” xalqaro ko‘rgazmasi xorijlik ishbilarmonlar tomonidan yuklarni yetkazib berish, omborlarga joylashtirish va saqlash bo‘yicha muhim masalalarni muhokama qilishda optimal makon sifatida ko‘rilmoqda. Ekspozitsiyada transport-logistika xizmatlari va yo‘lovchilarni tashish borasida nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo mintaqasida katta salohiyatga ega “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning stendi markaziy o‘rinni egallagan.
Ko‘rgazmaning yana bir ishtirokchisi – Shveytsariyaning Mediterranean Shipping Company (MSC) kompaniyasi. Boy tarixga ega MSC dengizda konteynerlarni tashish va konteyner logistikasida jahon yetakchilaridan biri. Kompaniya avto, temir yo‘l va dengiz transportlari bilan jahonning istalgan nuqtasiga qo‘shma logistikani amalga oshiradi. Bugun kompaniyaning 150 davlatda ofislari mavjud. O‘zbekistonda ham MSC Tashkent sho‘ba korxonasi faoliyat yuritmoqda. Korxona mazkur ko‘rgazmada keng qamrovli transport va logistika xizmatlarini namoyish etmoqda.
Latviyaning mazkur sohadagi kompaniyalari ham TransUzbekistan’ning doimiy ishtirokchilaridir. Ushbu mamlakatning milliy stendida bu yil ham Boltiqbo‘yi transport tarmog‘ining yetakchilari — «Latviya temir yo‘llari» va uning sho‘ba kompaniyalarini uchratish mumkin. Latviyaning A&A Logistic LTD, Quinto Logistics, Riga, Ventspils erkin bandargohlari kabi yetakchi kompaniyalari yuklarga ishlov berish va logistika majmuasi bo‘yicha barcha turdagi xizmatlarni taklif etmoqda.
Ko‘rgazma doirasida dunyoning 50 dan ortiq davlatlariga yuk tashish xizmatini amalga oshirayotgan AQShning mashhur General Electric kompaniyasining transport texnologiyalari va temir yo‘l mashinasozligidagi ilg‘or yechimlarga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi. Unda kompaniya mutaxassislari Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi faoliyati, dizel lokomotivlarni modernizatsiyalash, ishlab chiqarish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish borasida GE ekspertizasini mahalliylashtirish borasidagi tajribalari haqida so‘zlab berdi. Logistika jarayoni va temir yo‘l tizimlaridan samarali foydalanishni optimallashtirish uchun zamonaviy yechimlar taqdim etildi.
“Tog‘-kon ishi — MiningWorld Uzbekistan”, “Metallurgiya. Mashinasozlik. Dastgohsozlik. — Machinery Central Asia”, “Transport va logistika — TransUzbekistan” xalqaro ko‘rgazmalari chet el kompaniyalarining O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishga xizmat qilmoqda, deb ta’kidlanadi xabarda.
Izoh (0)