2018-yil Rossiyada bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha Jahon Chempionati saralashining Osiyo mintaqasida 5-tur uchrashuvlari o‘z yakuniga yetdi. Uning O‘zbekiston joy olgan “A” guruhidagi holati bilan mana shu havola orqali tanishish mumkin.
“B” guruhida kurash yanada qiziqroq davom etmoqda. Iroq va Tailand terma jamoalari birinchi davra o‘yinlaridan keyin yaqqol autsayder sifatida ajralib chiqdi. Qolgan to‘rt mamlakat esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani yutib olish uchun jiddiy raqobatni yuzaga keltirgan.
Mazkur turda Yaponiya terma jamoasi peshqadam Saudiyaga yetib oldi. O‘z maydonida aynan saudiyaliklarni qabul qilgan kunchiqar yurt terma jamoasi 2:1 hisobida zafar quchdi. Shunga qaramay guruhda Saudiya Arabistoni termasi to‘plar nisbatiga ko‘ra peshqadam bo‘lib turibdi.
Saudiyaning ochko yo‘qotishidan unumli foydalanib, Avstraliya terma jamoasi guruh yetakchisiga aylanib olishi mumkin edi. Biroq qit’aning amaldagi chempioni Tailandda ochko yo‘qotdi. Tailandlik futbolchilar bunga qadar o‘tkazilgan har to‘rt bellashuvda imkoniyatni boy bergan bo‘lsa, mamlakat qiroli vafot etganidan so‘ng o‘zining birinchi ochkosini ishlab oldi.
Hal qiluvchi bosqichni Yaponiyani safarda taslim etish bilan boshlagan BAA terma jamoasi ham ochkolari sonini 9 taga yetkazib oldi. Mahdi Ali jamoasi o‘z maydonida Iroqni taslim qildi — 2:0.
Qayd etish kerak, mazkur zonaning birinchi davrasini faqatgina Avstraliya terma jamoasi mag‘lubiyatsiz yakunlashga muvaffaq bo‘ldi.
JCh—2018 (Osiyo) “B” guruhi. 5-tur 15-noyabr, seshanba
Izoh (0)