Bilasizmi? O‘zbekistonlik futbolchi Gretsiya tarkibida Yevro—2004 chempioni bo‘lgan, deb yozdi “Stadion” nashri Qozog‘istonning “Sports.kz”iga asoslanib. Bunga isbot tariqasida Dimitris Papadopulos bilan intervyu ham keltirib o‘tilgan.
Futbolchi bir necha bor Qozog‘istonda tug‘ilganini qayd etgan bo‘lsa-da, Wikipedia uning O‘zbekistonda tavallud topganini ko‘rsatadi. Bu holat qozog‘istonlik jurnalistlar e’tiboridan chetda qolib ketmadi.“Ikki davlat o‘rtasida tug‘ilganman — deb gap boshladi Papadopulos. — Biroq men tavallud topgan Gagarin O‘zbekiston hududida edi. Singlim va ukam tug‘ilgan nuqta esa Qozog‘iston tomonida bo‘lgan. Oilam ham Qozog‘istonda istiqomat qilardi. Shuning uchun men ham Qozog‘istonda ulg‘aydim”.
Dimitris 7 yoshida oilaviy Gretsiyaga ko‘chib ketganliklari haqida so‘zlab bergan. Ular O‘rta Osiyoda yashaydigan greklar bilan poyezdda bir hafta yo‘l bosib o‘tgan.
“Futbolning dastlabki asrorlarini Gagarinda o‘rgandim. Shu yerning futbol jamoasida to‘p surganman”, — deb aytib o‘tdi kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan futbolchi. — “Otam ‘Paxtakor’ga muxlislik qilgan. Vasilis Xadzipanagisning ishqibozi bo‘lgan”.
Ma’lumot uchun, Dimitris Papadopulos o‘z vaqtida Angliyaning “Byornli”, Italiyaning “Lechche”, Ispaniyaning “Selta”, Zagrebning “Dinamo” klublarida, shuningdek, Gretsiyaning “PAOK” va “Panatinaikos” jamoalarida to‘p surgan.
2004-yil Dimitris Papadopulos uchun omadli kelib, u Gretsiya safida Yevropa chempionligini qo‘lga kiritdi. “Panatinaikos”da Gretsiya chempionligi va kubogi sohibi bo‘ldi. Mamlakat to‘purarligiga erishdi.
Izoh (0)