Shu yilning 8-noyabr kuni Yaponiya poytaxti Tokio shahrida og‘ir atletika bo‘yicha yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida Osiyo chempionati start oldi. Unda O‘zbekiston terma jamoasi sharafini 10 nafar sportchi himoya qilmoqda, deb xabar beradi O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.
Musobaqaning dastlabki kunidayoq Adhamjon Ergashev -62 kilogramm vazn toifasida dast ko‘tarishda 121 kilogramm, siltab ko‘tarishda 151 kilogramm, umumiy 272 kilogramm natija bilan oltin medalga sazovor bo‘ldi va Osiyo chempioni nomiga loyiq deb topildi.
Adhamjon Ergashev Malayziyaning Penang shahrida 20–25-oktabr kunlari bo‘lib o‘tgan og‘ir atletika bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatining -62 kilogramm vazn toifasida oltin medalga sazovor bo‘lib, jahon chempionligini qo‘lga kiritgani haqida xabar berilgandi.
Osiyo chempionatining ikkinchi kunida O‘zbekiston terma jamoasining yana bir a’zosi Muattar Nabiyeva -58 kilogramm vazn toifasida bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, Tokiodagi qit’a chempionati 16-noyabr kuniga qadar davom etadi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)