Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 11-noyabr kuni Xorazm viloyati saylovchilari bilan uchrashdi. Bu haqda partiya matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvni O‘zLiDePning Xorazm viloyati kengashi raisi Sh. Safarboyev ochdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘z saylovoldi dasturi yuzasidan ma’ruza qildi.
Dasturda davlat va jamiyat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh etish, iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, makroiqtisodiy barqarorlik va izchil o‘sish sur’atlarini ta’minlash, ijtimoiy sohani rivojlantirish, mamlakatdagi tinchlik va hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilangan. Unda davlat idoralari faoliyati samaradorligini oshirish, sud hokimiyatining mustaqilligini va odil sudlovni ta’minlash, iqtisodiyotni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, hududlarni kompleks rivojlantirish, xususiy mulk va tadbirkorlikka yanada keng imkoniyat berish, ozuqabop va eksportbop ekinlarni ko‘paytirish, aholi bandligini ta’minlash, tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirish kabi muhim masalalarga alohida e’tibor qaratilgan.
Uchrashuv videokonferensiya shaklida o‘tdi. Urganch shahri va viloyatning barcha tumanlari markazidan saylovchilar nomzodning dasturi yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.
Mehnat faxriysi S. Iskandarov, “Davsuvxo‘jaliknazorat” davlat inspeksiyasi Xorazm viloyati bo‘yicha inspektori K. Ortiqov, Xorazm viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Sh. Xo‘janiyozova, mehnat faxriysi J. O‘tamov, mehnat faxriysi A. Vapayev, Xonqa pedagogika va sport kolleji o‘quvchisi Z. Ismoilova va boshqalar dasturda belgilangan vazifalar mamlakatni yanada rivojlantirish, xalq farovonligini yuksaltirishga xizmat qilishini ta’kidladi. Prezident sayloviga tayyorgarlik jarayonlari milliy qonunchilik va xalqaro demokratik tamoyillarga to‘la mos ravishda o‘tayotganini qayd etdi. Saylovchilarni 4-dekabr kuni bo‘ladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.
Izoh (0)