Rossiyalik tennischi Mariya Sharapova keyingi yil aprelida diskvalifikatsiya muddati tugaganidan so‘ng yana BMT ezgu iroda elchisi etib tayinlanadi. Bu haqda, The Guardian nashriga asoslanib, “Interfaks” xabar bermoqda.
“BMT Taraqqiyot dasturi Mariya Sharapova o‘zi sevgan sportga kutilganidan ertaroq qaytishi mumkinligini bilganidan xursand bo‘ldi. 2017-yil aprelida uning diskvalifikatsiya muddati tugashi bilan biz uni ezgu iroda elchisi maqomida tiklaymiz”, — deyiladi xalqaro tashkilot bayonotida.
Tennischi to‘qqiz yil davomida BMTning qashshoqlik va notenglikka qarshi kurash dasturida ishtirok etib kelayotgan edi. Ammo shu yil mart oyida tashkilot u bilan munosabatlarni to‘xtatdi. Bunga rossiyalik sportchi doping iste’mol qilganini tan olgani va shu sababli Xalqaro tennis federatsiyasi tomonidan ikki yilga sportdan chetlashtirilgani sabab bo‘lgan edi. Keyinroq Sport arbitraj sudi bu muddatni 15 oygacha qisqartirdi.
Izoh (0)