Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tashabbusi bilan “Saylov jarayonida axborot va so‘z erkinligini ta’minlash: O‘zbekiston tajribasi” mavzusida seminar tashkil etildi. Bu haqda Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbirda Qonunchilik palatasining deputatlari, olimlar, axborot sohasi va saylov jarayonlari ekspertlari, jurnalistlar, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari ishtirok etdi. Unda mamlakatning istiqlol yillarida saylov jarayonlarini demokratlashtirish, chinakam so‘z va axborot erkinligi, siyosiy plyuralizm hamda fikrlar xilma-xilligi tamoyillarini ta’minlash uchun huquqiy va tashkiliy-texnik sharoitlar yaratish, saylovlarning ochiqligi va oshkoraligini ta’minlashda OAVning faolligini oshirish borasida erishgan yutuqlari muhokama qilindi.
Seminarda OAV demokratik jarayonlarning subyekti hisoblanib, saylovlarni tayyorlash hamda o‘tkazish davrida o‘ziga xos muhim siyosiy rol o‘ynashi ta’kidlab o‘tildi. Ular saylovchilarni xabardor qilish, saylovoldi tashviqoti vositasi va jamoatchilik nazoratining muhim shakli bo‘lib xizmat qiladi. Shuning uchun ham saylovlarni o‘tkazish davrida muhim ma’rifiy va kommunikatsion rol o‘ynovchi milliy mass-medianing mustaqillik yillarida jadal rivojlanganligi e’tirof etildi. Bugungi kunda OAVning soni bosma, teleradiostudiyalar, axborot agentliklari bilan birgalikda 1463 taga yetdi, internet-nashrlar soni esa 380 tadan ortiqni tashkil etmoqda, shuningdek, ushbu veb-saytlar nafaqat o‘zbek va rus tillarida, balki dunyoning yetti tillaridagi versiyalarga ega.
Seminar davomida saylov jarayonini ishonchli va haqqoniy yoritishda jurnalistlarning kasb mahorati, elektron OAV orqali saylov jarayonidan aholi xabardorligini ta’minlashning amaliy jihatlari, shuningdek, saylov jarayonining ochiqligi va shaffofligini ta’minlashda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish mavzulariga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi.
Seminar ishtirokchilari tomonidan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish saylov jarayonining ochiqligi va shaffofligini ta’minlashning muhim vositalaridan biri ekanligi ta’kidlab o‘tildi. Bugungi kunda “.uz” zonasi doirasidagi faol domen nomlari soni 29,7 mingdan ortiqni tashkil etmoqda. Internet tarmog‘idagi milliy veb-saytlardan har oylik foydalanuvchilar soni o‘rtacha 27,7 million kishini tashkil etib, ularning 54 foizdan ortig‘i mobil qurilmalar orqali foydalanuvchilar hisoblanadi.
Tadbir davomida ishtirokchilar saylov jarayonlarida OAV faoliyati samaradorligini oshirish, O‘zbekiston Prezidentligiga nomzodlar faoliyati to‘g‘risida fuqarolarni xabardor qilishning eng so‘nggi texnologiyalari bilan tanishdi. Shuningdek, yetakchi milliy ommaviy axborot vositalarining siyosiy partiyalar va saylov komissiyalari bilan jurnalist faoliyatini tashkil etish borasida samarali va foydali tajribalari bilan tanishish imkoni yaratildi.
Seminar yakunida fuqarolarni ishonchli axborotlar bilan ta’minlash borasida jurnalistlar va saylov jarayoni subyektlari faoliyatining samaradorligini yanada oshirish, mamlakatda O‘zbekiston Prezidentligiga o‘tkaziladigan saylovlarning ochiqligi va shaffofligini ta’minlashga qaratilgan takliflar ishlab chiqildi.
Izoh (0)