O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod Narimon Umarovning 8-noyabr kuni Navoiy viloyati saylovchilari bilan uchrashuvi boshqa hududlarda bo‘lgani kabi yuqori saviyada, saylovchilarning faolligi ostida bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Daryo”ga partiya matbuot xizmati ma’lum qildi.
Nurota tumani hokimiyati majlislar zalida onlayn videokonferensiya tarzida o‘tkazilgan uchrashuvda tuman, shaharlardagi uchrashuv joylaridan jami 2500 nafarga yaqin saylovchi — davlat hamda jamoat tashkilotlari vakillari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faollari, yoshlar, partiya a’zolari hamda jurnalistlar ishtirok etdi.
Tadbirni “Adolat” SDP Navoiy viloyat kengashi raisi vazifasini bajaruvchi R. Hayitov olib bordi. Narimon Umarovning ishonchli vakili, Alisher Navoiy nomidagi nashriyot davlat korxonasi direktori S. Mansurova uchrashuvlar ishtirokchilarini Prezidentlikka nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi.
N. Umarov dastavval Navoiy viloyatining o‘tmishi, buguni va kelajagi haqida so‘z yuritib, bu zamin ahli qadimdan Qizilqumdek sahro bag‘rida o‘zining zahmatli mehnati, fidokorligi hamda bunyodkorlik salohiyati bilan obod va go‘zal diyorni yarata olgan xalq ekanligini e’tirof etdi.
Prezidentlikka nomzod saylovchilarga “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi maqsad va vazifalari asosida ishlab chiqilgan saylovoldi dasturining asosiy yo‘nalishlarini bayon qildi. Dasturda ilgari surilgan g‘oyalar xalqchilligi, hududlardagi aniq ijtimoiy-iqtisodiy masalalar hamda ularning yechimi yuzasidan mexanizmlar belgilangani bilan saylovchilarga manzur bo‘ldi.
Jumladan, N. Umarov mamlakat kelajagi innovatsion iqtisodiyotda ekanligi, butun dunyoda fan va texnologiyalar jadallik bilan rivojlanayotgan hozirgi davrda faqat yangi texnologiyalarga asoslangan iqtisodiyotgina davlat qudratini oshirib, xalq farovonligi va jamiyatning barqaror rivojlanishiga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Bu boradagi maqsadlarni amalga oshirish uchun nomzod maxsus kompleks chora-tadbirlar dasturini qabul qilishga doir rejalarini ma’lum qildi. Hujjatda innovatsion faoliyatning me’yoriy-huquqiy bazasini takomillashtirish, innovatsiya va innovatsion infratuzilmalarning yagona vakolatli organini ta’sis etish, Innovatsiya jamg‘armasini tuzish kabi ustuvor vazifalarni belgilashni maqsad qilingan.
Shuningdek, Prezidentlikka nomzod saylovchilar e’tiborini Navoiy shahri respublikadagi sanoatlashgan hudud ekanligiga qaratar ekan, yirik sanoat korxonalarining shahar ekologiyasi va atrof-muhitga salbiy ta’sirining oldini olish yuzasidan o‘z takliflarini ilgari surdi.
Jumladan, N. Umarov ekologiya sohasini kompleks rivojlantirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqib, uni hayotga tatbiq etishini ma’lum qildi. Dasturda, xususan, tabiatni sanoat korxonalari tomonidan ifloslanishini kamaytirish, chang va zaharli moddalarni ko‘p yutuvchi daraxtlar sonini va turini oshirish, shaharlar va sanoat korxonalari atrofida yashil zonalar barpo etish orqali atrof-muhit musaffoligini ta’minlashga qaratilgan aniq mexanizmlar belgilanishini qayd etdi. Bu boradagi vazifalar aynan Navoiy shahri havosining musaffoligini ta’minlash hamda fuqarolar salomatligini muhofaza qilishda dolzarb ahamiyat kasb etishi xususidagi fikrlar uchrashuv ishtirokchilari tomonidan to‘la qo‘llab-quvvatlandi.
N. Umarov ishtirokchilarning savollariga javob qaytarib, mazkur uchrashuvlar aholining real ehtiyojlarini aniqlash, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning samarali hamda manzilli chora-tadbirlarini ishlab chiqishda ayni muddao ekanligini ta’kidladi.
Tadbirda Oliy Majlis Senati a’zosi G. Sattarova, Navoiy konchilik kasb-hunar kolleji direktori Sh. Norov, Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Navoiy viloyat filiali direktori Yu. Malikov, Spark Advocatus advokatlik firmasi yuristi Sh. Fozilova va boshqalar nomzodning saylovoldi dasturi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Izoh (0)