“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Toshkent shahar Kengashi “Shirintoy bolajon” nomli fototanlovni e’lon qildi. Bu haqda “Kamolot” Toshkent shahar Kengashi “Daryo”ga xabar berdi.
Tanlovda O‘zbekiston Respublikasining 35 yoshgacha bo‘lgan barcha fuqarolari ishtirok etishi mumkin. Fotosuratlar O‘zbekistonda bolalarga berilayotgan e’tibor, bolalarning sog‘lom turmush tarzidan lavhalarni, yosh avlodning ta’lim, sport va ijtimoiy sohalarda erishayotgan yutuqlarini yoritib berishi kerak.
Fotosuratlarda faqat 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar va ularning ota-onalari aks ettirilgan bo‘lishi mumkin.
Tanlov ishtirokchilari fotosuratlarni “Kamolot” YoIH Toshkent shahar Kengashining Facebook va Instagram sahifasiga joylashi kerak bo‘ladi. Joylangan fotosuratlar tarmoq foydalanuvchilari tomonidan baholab boriladi va eng ko‘p ovoz to‘plagan 20 ta fotosurat asosida joriy yilning dekabr oyida “Shirintoy bolajon” nomli galereya tashkil etiladi.
Ushbu suratlar orasidan hakamlar hay’ati bahosiga ko‘ra 3 ta o‘rin g‘oliblari aniqlab olinadi va galereya ochilish kunida qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi.
Bosh sovrin – zamonaviy planshet.
Fototanlovning qolgan shartlari va nizomi bilan “Kamolot” YoIH Toshkent shahar Kengashining tashkentcity.kamolot.uz saytida tanishishingiz mumkin bo‘ladi.
Tanlovga ijodiy ishlar 2016-yilning 1-noyabridan 1-dekabriga qadar kamolot.fototanlov@umail.uz elektron manzili orqali qabul qilinadi.
Izoh (0)