Bosh prokuratura tomonidan tadbirkorlikning rivojlanishi yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha tuzilgan maxsus ishchi guruh faoliyati doirasida Savdo-sanoat palatasi hamda Adliya vazirligi bilan hamkorlikda tadbirkorlar bilan uchrashuvlar tashkil qilindi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvlardan ko‘zlangan maqsad — tadbirkorlik faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan tizimli muammolarni va mavjud huquqiy bo‘shliqlarni aniqlash, biznes yuritish shart-sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha takliflarni yig‘ish va umumlashtirish, tadbirkorlik subyektlariga amaliy yordam ko‘rsatish.
O‘tkazilgan uchrashuvlarda kapital qurilish, ulgurji va chakana savdo, xizmatlar ko‘rsatish, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, fermerlik, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, zaxiraga g‘amlash va eksport qilish, yengil va poyabzal sanoati, qurilish materiallari va texnologik uskunalari ishlab chiqarish, moliya va bank xizmatlarini ko‘rsatish, zargarlik sanoati va boshqa sohalarda faoliyat yuritib kelayotgan 200 dan ortiq tadbirkorlar ishtirok etdi.
Uchrashuvlar davomida ishtirokchilarga amaldagi qonunchilik me’yorlari, ularni yaqinda qabul qilingan qonun hujjatlaridan kelib chiqqan holda takomillashtirish istiqbollari tushuntirildi, shuningdek, tadbirkorlar o‘rtasida anonim so‘rovnoma o‘tkazildi.
Tadbirlar yakuniga ko‘ra tadbirkorlar tomonidan qayd etilgan muammolarning ro‘yxati tuzilib, ular tarmoqlar va sohalar bo‘yicha tizimlashtirildi, ularni bartaraf etish bo‘yicha tahlillar amalga oshirilmoqda hamda takliflar ishlab chiqilmoqda.
O‘tkazilgan uchrashuvlar tadbirkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yishga xizmat qilib, bu o‘rinda suhbatlar davomida ular tadbirkorlik subyektlarining huquq va manfaatlari himoyasini kuchaytirish borasida ko‘rilgan choralar, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonla mahimoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-4848-son Farmonini ijobiy baholashlarini ta’kidladi.
Eng yaxshi taklif mualliflari o‘z takliflarini amalga oshirish borasidagi aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqishda bevosita qatnashishi mumkin bo‘ladi.
Izoh (0)