2-noyabr kuni Misrning “al-Ahram” matbaa majmasining “al-Aqlam val-Kutub” ilmiy-ommabop jurnalida “O‘zbekistonning barqaror demokratik rivojlanish yo‘lida” nomli maqola chop etildi. Bu haqda “Daryo”ga TIV matbuot xizmati xabar berdi.
Maqola muallifi — Qohira universiteti Osiyo tadqiqotlari bo‘limi direktori o‘rinbosari Ahmad Tabarik demokratik yangilanishning milliy modeli amalga oshirilishi O‘zbekistonga barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash imkonini berganini ta’kidlab o‘tdi.
Uning so‘zlariga qaraganda, mustaqillik yillarida O‘zbekistonda davlat boshqaruvini yanada demokratlashtirilishi va mamlakat modernizatsiyasiga qaratilgan bir qator keng miqyosli islohotlar o‘tkazilgan bo‘lib, ular fuqarolarning huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlagan.
Muallifning e’tirof etishicha, bugungi kunda demokratiya shunchaki qadriyatlar tizimi bo‘lib qolmay, ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy institutlar va mexanizmlar qonunchilik qurilmalari tizimi bo‘lib, ular birinchi navbatda inson manfaatlari ustuvorligini ta’minlab berishi lozimdir. Buni, uning fikricha, mustaqillikdan so‘ng demokratik taraqqiyotning o‘z yo‘lini tanlagan O‘zbekiston misolida ko‘rish mumkin.
“O‘zbekiston tajribasi shuni ko‘rsatadiki, jamiyatning barqaror rivojlanishi faqat mamlakat o‘z rivojlanish yo‘lini tarixiy an’analari, ma’naviy qadriyatlari va xalq mentalitetini inobatga olgan holda o‘zi mustaqil ravishda tanlasagina mumkin bo‘ladi”, — deb xulosa qiladi A. Tabarik.
Izoh (0)