Suriyadagi harbiy to‘qnashuvlarda hukumat qo‘shinlari tomonida turib kurashgan Rossiya fuqarosi, Davlat Dumasining Rossiya liberal-demokratik partiyasidan deputati Mixail Degtyaryovning yordamchisi Sergey Morozov halok bo‘ldi. Bu haqda, Reuters’ga tayanib, “RBK” xabar bermoqda.
Ma’lumotga ko‘ra, u va halok bo‘lgan yana bir Rossiya fuqarosi — Maksim Kolganov Suriyaga xususiy harbiy kompaniya xodimlari sifatida borgan edi.
Reuters’ga ko‘ra, 38 yoshli Morozov 2016-yilning 9-martida, uning bo‘linmasi Palmira yaqinida artilleriyadan o‘qqa tutilganida halok bo‘lgan edi. Jangda yaralangan Morozov shifoxonaga yetib bormay, yo‘lda jon bergan.
Deputat Degtyaryov Morozov do‘sti bo‘lganini aytgan holda uning o‘limini tasdiqladi.
38 yoshli Kolganov esa shu yilning fevralida Aleppo yaqinidagi otishmada halok bo‘lgani aytilmoqda.
Ikkisi ham Jasorat ordeni bilan mukofotlangani ma’lum.
Morozov va Kolganov Ukrainadagi harbiy harakatlarda ishtirok etgani agentlik tomonidan xabar qilinmoqda.
“U harbiy emas edi, oddiy yigit, oilaparvar, mayda tadbirkor edi. Bir necha yil u bilan aloqam bo‘lmadi. U ko‘ngilli sifatida Donbassga ketganini bilaman”, — dedi Degtyaryov.
Izoh (0)