2016-yilning 31-oktabr kuni Yevropa parlamenti rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi. Tashrif doirasida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasida delegatsiya vakillarining Kasaba uyushmalari federatsiyasi rahbariyati bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Uchrashuv davomida turli soha xodimlarining ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari, aholining bandligi, mehnat muhofazasi, mehnat sohasida ijtimoiy muloqot va ijtimoiy hamkorlikni rivojlantirish, ijtimoiy-mehnat munosabatlari va mehnat qonunchiligini takomillashtirish bo‘yicha O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga asosiy e’tibor qaratildi.
Unda, shuningdek, O‘zbekiston iqtisodiyotining barqaror va izchil rivojlantirilishi aholi hayot sifatining oshishi, ijtimoiy va mehnat sohasidagi ko‘plab masalalarning muvaffaqiyatli hal etilishi va fuqarolarning mehnat sohasidagi huquqlarining samarali ta’minlanishiga xizmat qilayotganligi alohida ta’kidlandi.
Bundan tashqari, kichik biznes, xususiy va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha bir qator qonunchilik hujjatlarining qabul qilinishi va amalda joriy etilishi aholi bandligini ta’minlashda katta imkoniyatlar yaratayotganligiga urg‘u berildi.
Delegatsiya a’zolari va kasaba uyushmalari vakillari bundan keyin ham hamkorlikni davom ettirish niyatini bildirdi.
Izoh (0)