1-noyabr kuni O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Sarvar Otamuratovning Xorazm viloyati saylovchilari va jamoatchiligi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Daryo”ga partiyaning Xorazm viloyat kengashi axborot xizmati ma’lumot berdi.
Uchrashuvda xotin-qizlar, yoshlar vakillari, partiya faollari va OAV xodimlari ishtirok etdi.
Dastlab nomzodning ishonchli vakili Muhabbat To‘raboyeva yig‘ilganlarni Sarvar Otamuratov tarjimai holi bilan tanishtirdi. Shundan so‘ng nomzod saylovoldi dasturining asosiy yo‘nalishlarini bayon etdi.
Dasturda, eng avvalo, ma’naviy-ma’rifiy sohaga alohida e’tibor berilganligini ta’kidlar ekan, nomzod o‘zligini anglagan, qadriyat va an’analarini e’zozlagan, tarixiy xotirasini asragan xalq iqtisodiy, ijtimoiy va gumanitar taraqqiyotga yuz tutishi xususida gapirdi.
S. Otamuratov madaniy meros obyektlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazib, hisobga olish ishlarini takomillashtirish, muzeylar, arxivlar, kutubxonalarda va boshqa joylarda saqlanayotgan, madaniy meros obyekti belgilariga ega bo‘lgan eksponatlar, kolleksiyalar va arxiv hujjatlarini to‘liq toifalashtirish, bu boradagi qonunchilikni yanada takomillashtirish masalalariga e’tibor qaratar ekan, ushbu holat Xorazm viloyati uchun ham dolzarb ahamiyatga ega ekanligini aytib o‘tdi.
Ma’lumki, O‘zbekiston, xususan, Xorazm ko‘p asrlik tarixga va nodir madaniy-tarixiy merosga ega. Bularning hammasi mamlakatda ulkan salohiyati hozircha to‘liq ishga solinmagan turizm industriyasini rivojlantirish va mamlakatni jahon turizm markazlaridan biriga aylantirish imkonini beradi.
Turizm iqtisodiyotning yanada rivojlanish jarayonini tezlashtiruvchi omil sifatida iqtisodiy va ijtimoiy muammolar yechimida muhim o‘rin tutadi, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilishiga, iqtisodiy faol aholining bandligini oshirishga, millat farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi, iqtisodiy faoliyatning o‘zaro bog‘liq bo‘lgan qator tarmoqlari, infratuzilmaning rivojlanishiga turtki bo‘lib, yanada ommaviylashadi. Turizm ayni paytda ma’rifat va fuqarolik jamiyatining ma’naviy asoslarini shakllantirishda kuchli vosita bo‘lib ham xizmat qiladi.
Shundan kelib chiqqan holda, sayyohlik infratuzilmasining yanada rivojlanishini, sayyohlar uchun mo‘ljallangan obyektlarning har tomonlama maqbul bo‘lishini, transport va mehmonxona xizmatlari hamda sayyohlik logistikasini takomillashtirishni, sayyohlik industriyasi bilan bog‘liq xizmatlarning turli sohalariga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etishni ta’minlash lozim, deb ta’kidladi nomzod.
Aholi turmush sifati, darajasi va farovonligini oshirish — ijtimoiy sohadagi strategik maqsadimiz, deb ta’kidlar ekan, nomzod bugun butun dunyoda dolzarb ahamiyat kasb etayotgan oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan davlat dasturini qabul qilish va unda aholining ovqatlanish xilma-xilligini kengaytirish, mamlakatda sifatli va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish va bunda genlarni modifikatsiya qilish usulidan foydalanishni cheklash, shu bilan birga, aholining ovqatlanish madaniyatini yuksaltirish masalariga urg‘u berdi.
Uchrashuvda nomzod dasturining boshqa sohalari ham saylovchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ishtirokchilar ta’kidlaganidek, Xorazmda haqiqatan turizm industriyasini rivojlantirish muhim masaladir. Bu viloyatga kelayotgan xorijiy va mahalliy sayyohlarning soni ortishi bilan Xorazmning iqtisodiy rivojlanishi hamda aholi daromadlarining ortishiga ham xizmat qiladi. Shu nuqtai nazardan Prezidentlikka nomzod Sarvar Otamuratovning turizmni yanada rivojlantirish borasida ilgari surayotgan maqsad-vazifalari Xorazm ahli uchun ham juda muhimdir.
Nomzodning dasturini qo‘llab-quvvatlab O‘zMTDP Shovot tuman kengashi raisi I. Boltayev, Qo‘shko‘pir tuman “Hayot ko‘zgusi” gazetasi bosh muharriri M. Tillayeva va boshqalar so‘zga chiqdi.
Uchrashuv so‘ngida S. Otamuratov ishtirokchilarning bir qator savollariga javob berdi.
Izoh (0)