O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazida 1-noyabr, seshanba kuni videokonferensaloqa shaklida joylarda uchastka saylov komissiyalari a’zolari uchun hududiy seminar-treninglar tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan ekspertlar guruhlarining yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda matbuot markazi xabar bermoqda.
Tadbirda Markaziy, okrug saylov komissiyalari a’zolari, deputatlar, saylov huquqi bo‘yicha olim va mutaxassislar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Markaziy saylov komissiyasining 13-oktabrdagi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi uchastka saylov komissiyalari faoliyatini samarali tashkil qilish masalalariga bag‘ishlangan tadbirlar rejasi qabul qilingandi. Ushbu reja asosida 20-oktabr kuni respublika seminar-treningi o‘tkazildi.
1—10-noyabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Markaziy saylov komissiyasi, okrug saylov komissiyalari va Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti tomonidan saylov komissiyalari a’zolarining huquqiy bilimlarini yanada yuksaltirish hamda ularning saylov komissiyalari faoliyatini samarali tashkil qilish bo‘yicha ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratilgan seminar-treninglar tashkil etish belgilangan.
Shu munosabat bilan yig‘ilish ishtirokchilari uchastka saylov komissiyalari a’zolari uchun hududiy seminar-treninglarni uyushqoqlik bilan o‘tkazish masalalarini atroflicha muhokama qildi.
Qayd etilganidek, o‘tkaziladigan tadbirlardan maqsad uchastka saylov komissiyalari barcha a’zolarini qamrab olgan holda komissiya faoliyatining muhim jihatlari, chunonchi, saylov uchastkalarini jihozlash, saylovchilar ro‘yxatini tuzish va unga o‘zgartishlar kiritish, muddatidan oldin ovoz berishni hamda saylov kuni ovoz berishni tashkil qilish, kuzatuvchilar instituti ahamiyati, OAVning saylov jarayoni ochiqligi va oshkoraligini ta’minlashdagi roli singari muhim jihatlarga alohida e’tibor qaratishdir.
So‘zga chiqqanlar hududiy seminar-treninglarni erkin fikr almashuvi, savol-javob tarzida o‘tkazish yuzasidan taklif va tavsiyalarini bildirdi.
Izoh (0)