Argentina va Urugvay futbol bo‘yicha 2030-yili bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatiga mezbonlik qilish uchun birgalikda ariza berishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Associated Press’ga tayanib, “TASS” xabar bermoqda.
Argentina prezidenti Maurisio Makri va Urugvay prezidenti Tabare Vaskes 24-oktabr kuni Buenos-Ayresda uchrashib, JCh–2030 turnirini o‘tkazishga ariza berishni muhokama qildi.
2030-yilda futbol bo‘yicha jahon chempionatining 100 yilligi nishonlanadi. Tarixdagi birinchi jahon chempionati 1930-yili Urugvayda bo‘lib o‘tgandi. Argentina 1978-yilgi jahon chempionatiga mezbonlik qilgandi.
Qayd etish kerakki, shu vaqtga qadar faqat bir marta ikkita mamlakat – 2002-yili Yaponiya va Janubiy Koreya jahon chempionatiga mezbonlik qilgan edi.
Ma’lumot uchun, JCh–2018 Rossiyada, JCh–2022 Qatarda bo‘lib o‘tadi. JCh–2026 turnirini o‘tkazishga Shimoliy Amerika mamlakatlari favorit sanalmoqda. Avvalroq FIFA prezidenti Janni Infantino JCh–2026 bir yo‘la uch mamlakat – AQSh, Kanada va Meksikada o‘tkazilishi mumkinligini aytgan edi.
Izoh (0)