Hashamatli to‘y har bir kelinning orzusidir. Bu muhim kunda har bir qiz mukammal ko‘rinishni istaydi va buning uchun o‘z obrazining eng kichik detaligacha oldindan o‘ylab chiqadi. Ko‘ylak, makiyaj, soch turmagi va aksessuarlarga alohida e’tibor qaratadi. To‘y ko‘ylagiga mos taqinchoq tanlashda nimalarga ahamiyat qaratish kerak?
Aksessuar tanlashdagi eng muhim qoida — ular sizning libosingizga mos bo‘lishi lozim. Agar siz ertaklardagi malika obrazini tanlasangiz, bezaklar ham shunga mos bo‘lishi lozim. Bular kolye, tiara va bilaguzuklar bo‘lishi mumkin.
Biroq taqinchoqlar sonini juda oshirib yubormang. Yaxshisi, ulardan aynan biriga urg‘u bering — bu kolye yoki tillaqosh bo‘lishi mumkin. Uzukka kelsak, to‘y kuni faqat nikoh uzugini taqishni tavsiya etamiz.
Shuningdek, siz tanlagan taqinchoqlar tashqi ko‘rinishingizga qanchalik mosligiga e’tibor bering. Universal qoida mavjud: qorachadan kelgan qizlarga ko‘proq tilla, oppoq qizlarga esa kumush mos keladi. Shuni unutmangki, taqinchoqlar sizning nikoh uzugingiz qaysi metalldan ishlanganligiga qarab tanlanishi lozim.
Agar qanday taqinchoq tanlash borasida hamon ikkilanayotgan bo‘lsangiz, azaliy klassika marvaridni tanlashni tavsiya etamiz. Uning turli-tuman shakllari va ranglari to‘y ko‘ylagingizga mosini tanlash imkonini beradi. Klassik ranglar — oq, tilla rang va qaymoq ranglardir. Qaymoq rangli marvarid sovuq ranglar bilan, tilla rangi esa issiq ranglar bilan ajoyib tarzda mos tushadi. Marvarid taqinchoq kelinlarning nafis va romantik obraziga juda mos keladi.
Taqinchoq tanlashda kelin ko‘ylagining yoqa qismi (dekoltye) ham muhim rol o‘ynaydi. V-shaklidagi yoqali ko‘ylakka aynan uning shaklini takrorlaydigan taqinchoq, yelka bog‘lari bo‘lmagan ko‘ylakka esa deyarli barcha taqinchoqlar mos keladi.
Agar siz tanlagan ko‘ylak yopiq bo‘lsa, bo‘yinga taqinchoq taqmasdan, faqat zirak va bilaguzuk taqishni tavsiya qilamiz.
Qanday libos va bezaklar tanlamang, to‘y kuni siz eng betakror kelin bo‘lishingizga ishonamiz!
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)