Yaponiyaning Mitsubishi Corporation kompaniyasi Namangan viloyatida yangi issiqlik elektr stansiyasini qurish bo‘yicha tenderni yutib oldi. Bu haqda UzDaily xabar bermoqda.
“Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida har biri 450 MVt quvvatga ega ikkita bug‘-gaz qurilmalari bloklari tarkibida umumiy quvvati 900 MVt ga teng yangi issiqlik elektr stansiyasining qurilishi” loyihasi bo‘yicha tender savdolari “O‘zbekenergo” AJ tomonidan o‘tkazildi. Mitsubishi Corporation ushbu tender g‘olibi bo‘ldi. Hozir shartnoma yuzasidan muzokaralarga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
To‘raqo‘rg‘on IES loyihasi realizatsiyasi 2015-yil avgustida boshlandi. Loyiha yiliga 7 milliard kVt elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi IES qurishni nazarda tutadi.
Tender 2015-yil oxirida e’lon qilingan edi. Birinchi energoblok 2018-yilda, ikkinchisi esa 2019-yilda foydalanilishga topshirilishi rejalashtirilmoqda.
Loyiha qiymati 1,1 milliard dollarni tashkil etadi. Shuning 704 million dollarlik qismi Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) qarzi hisobiga moliyalashtiriladi, 300 million dollar O‘zbekiston qayta tiklash va rivojlanish jamg‘armasi krediti hamda “O‘zbekenergo” AJning o‘z mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Izoh (0)