Moskvaning Gagarin sudi 17-oktabr, dushanba kuni “Lukoyl” vitse-prezidentining o‘g‘li Ruslan Shamsuarovni 300 soatlik jamoat ishlariga jalb qildi. U Mercedes G63 AMG yo‘ltanlamasida Moskva ko‘chalarida poyga uyushtirish yuzasidan ochilgan ish bo‘yicha politsiyachilarni haqorat qilishda aybdor deb topildi, deb xabar beradi “Vedomosti”.
Sudya Olga Zeldinaning so‘zlariga qaraganda, Shamsuarov talaba ekanligi inobatga olingan holda u majburiy mehnatga o‘qishdan bo‘sh vaqtda tortiladi.
Shamsuarovdan tashqari, Gelandewagen’dagi poyga ishida uning do‘stlari — Viktor Uskov va Abduvahob Majidovlar sudlandi. Uskov 300 soat majburiy mehnat va 20 ming rubl jarimaga tortildi. Majidov esa oqlandi. Ilgariroq u aybini tan olgan edi.
2016-yil 22-may kuni javobgarlar Moskvada Mercedes Gelandewagen mashinasida yo‘l qoidalarini qo‘pol tarzda buzib harakatlangan. Huquq-tartibot xodimlari ularni to‘xtatishga harakat qilganida, yoshlar xavfli manyovrlar sodir etishda davom etgan. Aybdorlar bo‘layotgan voqealarni videoga olib, internet orqali translyatsiya yuritgan. Jarayonda ular politsiyachilarni haqorat qilib borgan, bundan tashqari, ularning sog‘lig‘i va hayotiga xavfli xatti-harakatlarni amalga oshirgan.
Izoh (0)