Nemis millatiga mansub fuqarolar masalalari bo‘yicha O‘zbekiston — Germaniya komissiyasi majlisi bo‘lib o‘tdi

Toshkentda O‘zbekiston Respublikasida istiqomat qilayotgan nemis millatiga mansub fuqarolar masalalari bo‘yicha O‘zbekiston — Germaniya hukumatlararo komissiyasining to‘qqizinchi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Foto: UzReport

Foto: UzReport

O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining o‘rinbosari, hukumatlararo komissiya hamraisi S.Nishonboyev, Germaniya Federativ Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Naytxart Xyofer-Vissing va boshqalar ikki mamlakat o‘rtasida o‘zaro ishonch va hurmatga asoslangan munosabatlar qaror topgani, bu o‘zaro manfaatli hamkorlik rivojiga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

O‘zbekistonda “Vidergeburt” nemis madaniyat markazi faoliyat yuritmoqda. “O‘zbekiston — Germaniya” va “Germaniya — O‘zbekiston” do‘stlik jamiyatlari xalqlar o‘rtasida madaniy-ma’rifiy aloqalarni yanada rivojlantirishga munosib hissa qo‘shmoqda.

Germaniyada O‘zbekiston, O‘zbekistonda Germaniya haqida ko‘rsatuv va ko‘rgazmalar namoyish etilmoqda, birgalikda madaniy tadbirlar, konsertlar o‘tkazilmoqda. O‘zbekiston Qizil yarim oy, Germaniya Qizil xoch, Germaniya texnikaviy hamkorlik jamiyatlari hamkorligining amaliy ifodasi bo‘lgan tibbiy-ijtimoiy markazlar tomonidan aholiga tibbiy-ijtimoiy xizmat ko‘rsatilmoqda.

Tadbirda O‘zbekistonda istiqomat qiluvchi nemis millatiga mansub aholini tibbiy-ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ko‘lamini kengaytirish, o‘zaro madaniy, ma’rifiy va texnik hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Majlis yakunlari bo‘yicha qo‘shma kommyunike imzolandi.

↓ KEYINGI XABAR ↓
Boshiga chiqing