Nokia kompaniyasining bozorga qaytgandan keyingi birinchi smartfoni xususiyatlari ommabop AnTuTu benchmarkida paydo bo‘ldi, deb yozadi “Hi-tech.mail.ru”. Qurilma 2016-yil oxirida taqdim etilishi mumkin.
Nokia D1C xususiyatlari avvalroq Geekbench benchmarkida ham paydo bo‘lgan edi. Ammo o‘shanda faqat protsessor modeli va tezkor xotira hajmigina ma’lum edi. Ulardan Nokia D1C iPhone 7 va Samsung Galaxy S7 kabi top flagmanlar bilan raqobatlasha olmasligi, biroq yangi smartfon narxi unchalik baland bo‘lmasligi haqida xulosa chiqarish mumkin edi.
AnTuTu’da esa xususiyatlar ko‘proq, unga ko‘ra, Nokia D1C sakkiz yadroli Qualcomm Snapdragon 430 chipseti, 3 Gb tezkor va 32 Gb doimiy xotira, Full HD ekran, 13 megapikselli asosiy va 8 megapikselli old kameraga ega bo‘ladi hamda Android 7.0 Nougat operatsion tizimida ishlaydi.
Ammo bularning rost yoki yolg‘on ekanligini yil oxirida bilib olish mumkin — mish-mishlarga ko‘ra, Nokia yangi smartfonlarni dekabrda taqdim etadi.