Bugun — 28-sentabr kuni “Paxtakor” va “Lokomotiv” klublari O‘zbekiston Oliy Ligasining 24-turi doirasida maydonga tushadi. Bellashuv 18:30 da “Paxtakor” stadionida boshlanadi.
Mamlakatning so‘nggi ikki mavsumdagi chempioni “Paxtakor” matbuot xizmati “Lokomotiv”ga qarshi bo‘lib o‘tgan 23 o‘yinning 15 tasida g‘alaba qozonilgani haqida ma’lumot berdi. 5 ta bellashuvda g‘olibni aniqlab bo‘lmagan, qolgan 3 tasi “temiryo‘lchilar”ning g‘alabasi bilan yakuniga yetgan.
Gol urish borasidagi ustunlik ham “Paxtakor” tomonida. “Sherlar” hozirga qadar “Lokomotiv” darvozasiga 54 ta to‘p kiritgan bo‘lsa, “Lokomotiv”da bu ko‘rsatkich 20 tani tashkil qiladi.
“Paxtakor” matbuot xizmati so‘nggi ikki mavsumdagi chempionlik o‘yinida “Paxtakor”ning zafar quchganini qistirib o‘tgan. Bevosita “Paxtakor” stadionida bo‘lib o‘tgan jami 11 ta o‘yinning 8 tasida mezbonlar zafar quchgan, 2 ta durang qayd etilgan va faqatgina bir bor “Lokomotiv” bu arenada g‘alaba nashidasini surgan.
Birinchi davrada bo‘lgani kabi Toshkent derbisini Ravshan Ermatov boshchiligidagi hakamlar brigadasi boshqarib boradi. Ilk uchrashuvda “temiryo‘lchilar” 1:0 hisobida zafar quchgan bo‘lib, o‘yindagi yagona gol 13-daqiqada Temurxo‘ja Abduxoliqov tomonidan kiritilgan. Keyinroq “Paxtakor”ning sobiq, milliy terma jamoaning amaldagi bosh murabbiyi Samvel Babayan hujumchi Temurxo‘ja Abduxoliqov uning ayrim prinsiplariga to‘g‘ri kelmasligi haqida aytib o‘tgandi.
Hozirga qadar 22 ta o‘yinda ishtirok etgan “Lokomotiv” 56 ochko bilan Oliy Liga peshqadami bo‘lib turibdi. 23 bellashuvda 38 ochko jamg‘argan “Paxtakor” esa 6-pog‘onadan joy olgan.
Izoh (0)