Vyetnamning Danang shahrida boshlangan V Osiyo sohil o‘yinlarida o‘zbekistonlik sportchilar ikkita oltin va bitta kumush medalni qo‘lga kiritdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Osiyo olimpiya kengashi tomonidan tashkil etilgan mazkur sport anjumanida qit’aning 40 dan ziyod davlatidan 2 200 dan ortiq sportchi 22 sport turi bo‘yicha g‘oliblik uchun bahslashmoqda.
Osiyo sohil o‘yinlarida O‘zbekiston sport delegatsiyasi a’zolari sohil futboli, kurash, muaytay va sambo bo‘yicha ishtirok etmoqda.
Kurash bo‘yicha erkaklar o‘rtasida vazni 66 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar bellashuvida Mirjon To‘xtayev Osiyo sohil o‘yinlarining oltin medaliga sazovor bo‘ldi.
Vazni 73 kilogrammgacha bo‘lgan kurashchilar o‘rtasida Suhrob Xudoyberdiyev ham shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
Vazni 81 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar bahsida qatnashgan Muhammadali Shamsiddinov esa kumush medaliga erishdi.
Izoh (0)