Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) korrupsiya va moliyaviy firibgarlik gumoni ostida hibsga olingan Syerra-Leone futbol assotsiatsiya rahbari – Isha Yoxansenni qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Yoxansen va u rahbarlik qilgan tashkilotning yana ikki mansabdor shaxsi 8-sentabr kuni Syerra-Leone antikorrupsiya qo‘mitasi tergovchilari tomonidan qo‘lga olingan edi.
Qo‘mita rahbari Adi Makoleyning ma’lum qilishicha, mamlakat futbol assotsiatsiyasining mansabdorlari tashkilot moliyaviy hisobotlaridagi farqlariga izoh bera olmagan.
Surishtiruv ishlari FIFA tomonidan Syerra-Leone futbol assotsiatsiyasiga futbolni rivojlantirish uchun taqdim etilgan grantlar bilan bog‘liq edi.
FIFA bosh kotibi Fatima Samura Yoxansenni qo‘llab-quvvatlab, bosh ofis grantlarning qonuniy ishlatilganiga shubha qilmasligini ta’kidladi.
Samura Syerra-Leone sport vazirligi va antikorrupsiya qo‘mitasini mamlakat futbol assotsiatsiyasiga o‘z faoliyatini olib borishga to‘sqinlik qilmaslikka chaqirdi.
Xabar berishlaricha, FIFA bosh kotibi yaqin vaqt ichida vaziyatga shaxsan baho berish uchun Syerra-Leonega yo‘l olishni rejalashtirgan.
Izoh (0)