19-sentabrdan Eduards Stiprays Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbarligi lavozimida o‘z faoliyatini boshladi. Bu haqda, tashkilot matbuot xizmatiga asoslanib, UzDaily xabar bermoqda.
Ilgari u Latviya davlat kotibi o‘rinbosari — TIV siyosiy direktori lavozimida ishlagan edi. Stiprays Yevroittifoqning O‘zbekistondagi uchinchi elchisi bo‘ldi. U bolgariyalik Yuriy Shterkning o‘rnini egalladi.
Yangi tayinlov munosabati bilan Stiprays vakolatxonaning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga qisqa videomurojaat joyladi.
“Latviya tashqi ishlar vazirligidagi faoliyatim doirasida men bir necha bor Toshkentga kelgan edim. O‘shanda men go‘zal va mehmondo‘st yurtingizga yana qaytib kelishni istagandim. Orzuim amalga oshganidan juda xursandman, bugun menda Yevroittifoq va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlashga hissa qo‘shish imkoniyati bor. Ikki tomonlama hamkorlikning bir qator masalalari bo‘yicha o‘zbekistonlik sheriklarimiz bilan samarador ishlashimizga ishonaman. Shuningdek, bu yurtda istiqomat qiluvchi ajoyib insonlar bilan bo‘lib o‘tadigan qiziqarli uchrashuvlarni sabrsizlik bilan kutib qolaman”, — dedi Stiprays.
Tashkilotning Toshkentdagi vakolatxonasi 2011-yilda ochilgan edi.
Izoh (0)