Qilichdumlar — orqa tomonidan chiqib turadigan shamshiri sabab shunday nom olgan bo‘g‘imoyoqlilarning shakli 450 million yil davomida qariyb o‘zgarmagan, deb yozadi Meduza. Bu sinf jonivorlari beshta ommaviy qirg‘in, xususan, bundan 250 million yuz bergan va dengizdagi turlarning 96 foizini yo‘q qilib yuborgan Perm ommaviy qirg‘inidan ham omon chiqqan. Bu yil esa Yaponiyada odatdagidan ko‘proq qilichdum o‘ldi. Quarz’ning yozishicha, nega bunday bo‘lganini olimlar bilolmayapti, hammasiga inson sababchi bo‘lishi ham mumkin.
Qilichdumlarning ko‘rinishi (har holda, tashqi ko‘rinishi) so‘nggi bir necha yuz million yildan beri deyarli o‘zgarmagani sabab, ularni jonli qazilmalar deb atashadi. Haqiqatan ham, tirik qilichdumlarning ko‘rinishi cho‘kindilardan topilgan qilichdum qoldiqlaridan farq qilmaydi.
Qilichdumlar har yili tuxum qo‘yish uchun Yaponiyaning Kitakyusyu shahri qirg‘oqlariga chiqadi. Odatda sohilga chiqqan ikki mingga yaqin bo‘g‘imoyoqlidan 50—60 tasi halok bo‘lar edi. 2016-yili esa qurbonlar soni sezilarli oshib ketdi — 500 ga yaqin qilichdum o‘ldi.
“Bunga, balki, global iqlim o‘zgarishi sabab dengiz sathining ko‘tarilgani, tuxum qo‘yish uchun joyning yetmayotgani va ozuqaning yetarli emasligi sabab bo‘lishi mumkin, — deydi Kyusyu universiteti tadqiqotchisi Kioke Xiroko. — Hodisa sabablarini aniqlash uchun juda ham e’tiborli bo‘lishimiz zarur”.
Tadqiqotchilarning qayd etishicha, qilichdumlar juda kech jinsiy balog‘atga yetadi, shu sababli ham 500 jonivorning o‘limi — bu turga berilgan jiddiy zarbadir. Qilichdumlar 20 yilcha yashaydi, hayotining 9—12-yilidan boshlab tuxum qo‘yishni boshlaydi.
Qilichdumlarning omon qolgan ikki turi yashaydigan Hindistonda ham bu jonivorlarning populyatsiyasi kamayib bormoqda. Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining yaqinda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida odatiy hayot kechirish joylarining buzilishi sabab qilichdumlar qirilib ketishi mumkinligi ta’kidlandi.
Qilichdumlarning ko‘payishiga inson ham ijobiy ta’sir ko‘rsata olmayapti. Bu bo‘g‘imoyoqlilarning qonidan laboratoriya tadqiqotlarida foydalaniladi. Tadqiqotchilarning baholashlariga ko‘ra, qoni olingan qilichdumlar uzoq yashamaydi.
“Qilichdumlar 450 million yildan ortiq yashashga muvaffaq bo‘lgan ersada, ular insoniyat taraqqiyotiga moslasha olmadi. So‘nggi 20 yil davomida qilichdumlar populyatsiyasi keskin qisqardi”, — deb yozadi Quarz.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)