AQShda Iste’mol tovarlari xavfsizligi bo‘yicha komissiya Samsung Galaxy Note 7 smartfonlari akkumulyatorlarning o‘ta qizib, yonib ketishi xavfi tufayli Amerika bozoridan qaytarib olinishini talab qilmoqda, deb yozadi “Vedomosti”.
“Iste’molchilar 2016-yil 15-sentabrgacha sotib olingan Galaxy Note 7 qurilmalaridan foydalanishni zudlik bilan to‘xtatishi va quvvatini o‘chirib qo‘yishi kerak”, — deyiladi komissiya saytida. Xaridorlar qurilmalarni sotib olingan joylarda bepul almashtirishi yoki pullarini qaytarib olishi mumkin.
Reuters yozishicha, qaytarib olinadigan Galaxy Note 7 flagman modellari soni 1 milliontani tashkil etadi. Samsung kompaniyasidagilar amerikalik iste’molchilardan batareya qizib ketishi holatlari haqida 92 ta xabar kelib tushganini ma’lum qildi, ularning 26 tasi kuyishga, 55 tasi mulkka zarar yetishiga olib kelgan.